16 Oktyabr 2024 971

Muvofiqlashtiruvchi qo‘mita Olimpiya shaharchasidagi qurilish ishlari bilan tanishdi

Toshkent-2025 yoshlar Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik bo‘yicha Osiyo Olimpiya kengashi (OOK) Muvofiqlashtiruvchi qo‘mitasining ishchi guruhi bugun poytaxtimizda qad rostlayotgan Olimpiya shaharchasiga tashrif buyurdi. Mehmonlarni Toshkent-2025 direksiyasi direktori, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov qarshi oldi.

Oybek Omilovich dastavval shaharchaning qurilish tarixi haqida so‘zlab berdi. Unda 2022-yilning 9-noyabr kuni Muhtaram Yurtboshimiz tomonidan ushbu ulkan majmuaga tamal toshi qo‘yilgani, bugungi kunga kelib, davlatimizning qo‘llab-quvvatlashi bilan shaharcha qurilishi mana shunday ko‘rinishga kelgani haqida gapirib o‘tdi. Ekskursiya davomida MOQ Bosh kotibi har bir obyektning tasniflari, bo‘lajak O‘yinlar davomida qaysi musobaqalarni qabul qilishi haqida batafsil ma’lumot berdi. Qolaversa, maydonlarni jihozlashda eng so‘nggi texnologiyalardan foydalanishi va kompleksni o‘zbek sportining taraqqiyotini yangi bosqichga olib chiqadigan ilmiy-metodik klasterga aylantirish ko‘zda tutilganini bildirdi.

O‘rganish ishlari davomida mehmonlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob olishdi. Shundan so‘ng mehmonlar Olimpiya shaharchasi yaqinida joylashgan “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga tashrif buyurib, davlatchiligimiz tarixi va milliy qadriyatlarimiz yaqindan tanishdilar. Shuningdek, O‘yinlar uchun qurilayotgan yangi mehmonxonalar va musobaqa ishtirokchilari yashashi ko‘zda tutilgan “Central Asia” universiteti yotoqxonasi ham ko‘zdan kechirildi.

Text to speech