Toshkent-2025 yoshlar Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik OAV xodimlari nigohida
Toshkent-2025 yoshlar Osiyo o‘yinlari uchun barpo etilayotgan Olimpiya shaharchasidagi obyektlarda kelasi yil og‘ir atletika va voleybol bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati o‘tkaziladi. Bu haqida Toshkent-2025 direksiyasi direktori, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov Osiyo Olimpiya kengashi (OOK) Muvofiqlashtiruvchi qo‘mitasining o‘rganish ishlari yakuniga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ma’lum qildi. Olimpiya va Paralimpiya shon-shuhrati muzeyida o‘tgan tadbirda Xalqaro Xokkey Federatsiyasi Prezidenti, OOK koordinatsion qo‘mitasi raisi Tayyab Ikram, OOK Bosh direktori o‘rinbosari Vinod Kumar va O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirining o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov ham ishtirok etishdi.
Dastavval, Tayyab Ikram o‘z xulosalari bilan o‘rtoqlashdi. Mutaxassis amalga oshirilayotgan loyihalar davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotganidan mamnun ekanini bildirdi. Qolaversa, Sport vazirligi, MOQ va federatsiyalar birgalikda katta hajmdagi ish olib borayotgani, bunday musobaqani o‘tkazish orqali O‘zbekistondagi sport infratuzilmasini yaxshilash va terma jamoalarimiz, yoshlarimiz uchun eng zamonaviy inshootlarni taqdim etish ko‘zda tutilganini alohida e’tirof etdi.
Shuningdek, Vinod Kumar ham ijobiy fikrlar bilan o‘z xulosalarini bayon etdi. Unga ko‘ra, yurtimizga so‘nggi tashrifi bilan taqqoslaganda juda katta o‘zgarishlarga guvoh bo‘lgani, Olimpiya shaharchasining qurilish jarayoni ham yuqori tempda ketayotgani, O‘yinlardan oldin poytaxtimizda OOKning Ijroiya qo‘mita yig‘ilishi, Bosh Assambleyasi kabi nufuzli tadbirlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilganini ta’kidladi.
O‘z navbatida, Oybek Omilovich qator mavzular haqida fikr bildirdi. Xususan, muvofiqlashtiruvchi qo‘mita bilan tayyorgarlik bo‘yicha barcha yo‘nalishlar muhokama qilib olingani, bevosita O‘yinlardan oldin yangi arenalarda og‘ir atletika hamda voleybol bo‘yicha yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati, suzish, yengil atletika, triatlon, velosport bo‘yicha sinov musobaqalarini tashkil etish orqali yangi inshootlarni testdan o‘ktazish ko‘zda tutilgani haqida to‘xtaldi.
Qolaversa, Shahrullo Sharipovich yurtimiz shu paytgacha ayni bir sport bo‘yicha jahon chempionatlarini yuqori saviyada o‘tkazib kelgani, biroq bunday katta masshtabdagi kompleks musobaqani birinchi bor qabul qilishimiz ulkan mas’uliyat yuklayotgani, davlatimiz tayyorgarlik bilan bog‘liq barcha jarayonni to‘la qo‘llab-quvvatlayotgani haqida so‘z oldi.
Anjuman davomida OAV xodimlari transport-logistika, IT, marketing va media kabi yo‘nalishlar bo‘yicha ham o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob olishdi.