Toshkent-2025 yoshlar Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi qo‘mita yig‘ilishi o‘tkazilmoqda
Bugun Toshkent-2025 yoshlar Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik bo‘yicha Osiyo Olimpiya kengashi (OOK) Muvofiqlashtiruvchi qo‘mitasining ishchi guruhi yig‘ilishi o‘z ishini boshladi. Unda Muvofiqlashtiruvchi qo‘mita a’zolari Xalqaro Xokkey Federatsiyasi Prezidenti, OOK koordinatsion qo‘mitasi raisi Tayyab Ikram, OOK va Qatar MOQ vitse-prezidenti Tani Abdulrahmon Al-Kuvari, OOK Ijroqo‘m a’zosi, Saudiya Arabistoni Milliy Olimpiya va Paralimpiya qo‘mitalari vitse-prezidenti Shahzoda Fahad Al-Jalavi Al-Saud, Toshkent-2025 direksiyasi boshqaruv kengashi raisi, O‘zbekiston Respublikasi Sport vaziri Adham Ikramov, Toshkent-2025 direksiyasi boshqaruv kengashi hamraisi, OOK vitse-prezidenti Otabek Umarov, Toshkent-2025 direksiyasi direktori, O‘zbekiston MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Durdona Rahimova, Sport vazirligi va MOQ rahbariyati hamda boshqa rasmiylar ishtirok etishdi.
Tadbirni Oybek Kasimov olib bordi. Ochilish qismida so‘z olgan Adham Ikramov va Otabek Muhammadaliyevich davlatimiz rahbarining qo‘llab-quvvatlashi bilan yurtimizda bo‘lajak musobaqaga katta tayyorgarlik olib borilayotgani, Toshkent-2025 qit’amiz yoshlari uchun unutilmas xotiralarga boy bo‘ladigan musobaqa bo‘lishini ta’kidlashdi. O‘z navbatida, OOK delegatsiyasi tayyorgarlik jarayoniga yuqori baho berib, O‘zbekiston ushbu musobaqani yuqori saviyada o‘tkazishiga ishonch bildirishdi.
Bugun kun davomida Toshkent-2025 direksiyasi vakillari turli yo‘nalishlarda olib borilayotgan tayyorgarlik bo‘yicha taqdimot qilishadi. Ertaga esa ishchi guruh barpo etilayotgan Olimpiya shaharchasiga tashrif buyurib, qurilish jarayoni bilan tanishadi. Shuningdek, o‘rganish ishlari xulosasi bo‘yicha Olimpiya va Paralimpiya muzeyida OAV bilan matbuot anjumani o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.