14 Oktyabr 2024 343

Stol tennisida Xitoyning gegemonligi tugadimi?

Qozogʻistonning Astana shahri 6-13-oktyabr kunlari stol tennisi boʻyicha Osiyo chempionatiga mezbonlik qildi. Ushbu qitʼa birinchiligi mintaqamizda yetakchi davlat oʻzgarganini koʻrsatdi. Xitoy terma jamoasi 50 yillik tanaffusdan keyin oʻzlari qatnashgan Osiyo chempionatida umumjamoa hisobida birinchilikni boy berdi.

Yakuniy raqamlarga toʻxtaladigan boʻlsak, Yaponiya terma jamoasi 3 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronza medali bilan umumjamoa hisobida peshqadam boʻldi. Chin yurti vakillari esa bu gal 2 tadan oltin va kumush hamda 1 ta bronza medallariga sazovor boʻlishdi. Shubhasiz, oʻtgan yili barcha dasturdagi oltin medallarni hech kimga bermagan terma jamoa uchun bu u qadar yuqori koʻrsatkich emas. Ayniqsa, bu oʻzlari ishtirok etgan Osiyo chempionatida soʻnggi 50 yillikdagi eng yomon natijalari boʻlsa.

Xitoy soʻnggi bor 1974-yil oʻzi qatnashgan musobaqada eng kuchli jamoa boʻla olmagan edi. Toʻgʻri, 2021-yilgi qitʼa birinchiligida ham yaponlar birinchi boʻlishgan. Biroq unda koronavirus pandemiyasi sabab Xitoy termasi musobaqaga tashrif buyurmagan.

Ushbu Osiyo chempionatida Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzolari ham ishtirok etishdi. Hamyurtlarimiz garchi shohsupaga koʻtarila olmagan boʻlsalar ham oʻzlari uchun ulkan tajriba toʻplashdi.

Text to speech