10 Oktyabr 2024 684

Toshkent-2025: Eʼtibor markazida yana bir muhim yoʻnalish

Bugun Toshkent-2025 yoshlar Osiyo oʻyinlariga tayyorgarlik doirasida yana bir ahamiyatli uchrashuv tashkil etildi. Unda ayni paytda Toshkentda boʻlib turgan Osiyo Olimpiya kengashi (OOK)ning IT audit va media boʻlimi ishchi guruhi hamda “Bornan Sports Technology” kompaniyasi vakillari bilan sohaga oid qator mavzular muhokama qilindi. Uchrashuvda Oybek Kasimov boshchiligidagi MOQ va Oʻyinlarni oʻtkazish direksiyasi xodimlari ishtirok etishdi.

Suhbatda xorij shirkati kompleks musobaqalarni tashkil etish boʻyicha oʻz tajribasidan kelib chiqqan holda raqamli texnologiyalar bilan ishlash boʻyicha tushuncha berdi. Mazkur yoʻnalish mutaxassislar tomonidan har bir obyekt kesimida batafsil koʻrib chiqildi.

Shuningdek, mehmonlar Oʻyinlarning piar va marketing yoʻnalishlari boʻyicha oʻz taqdimotlarini namoyish qilishdi. Unda Oʻyinlar shiori boʻyicha qator namunalar koʻrsatilib, ularning mazmuni ochib berildi. OOK Axborot texnologiyalari departamenti vakili Naqvi Ahmed Aftab oʻz taqdimotida Toshkentga tashrif buyuradigan mehmon aeroportga qadam qoʻyishi bilanoq musobaqa nafasini sezishi kerakligini alohida taʼkidladi. Buning uchun shahardagi koʻplab nuqtalarni musobaqaning shior va ramzlari bilan bezatish kabi takliflar koʻrib chiqildi.

Suhbat davomida barcha ijodiy ishlarda boy oʻzbek madaniyati va sanʼatiga oid atributlardan foydalanish muhimligi alohida tilga olindi. Shuningdek, Oʻyinlarning piar strategiyasini yaratish, turli fleshmoblar oʻtkazish, bu orqali Toshkent-2025 ning oʻziga xos imijini yaratish boʻyicha fikr bildirildi.

Text to speech