9 Oktyabr 2024 630

“Toshkent yoʻlbarsi”ning 75 yilligi boks dargʻalari bilan nishonlandi

2-oktyabr kuni “Toshkent yoʻlbarsi” nomi bilan shuhrat qozongan afsona, Olimpiya oʻyinlari va jahon chempionatida shohsupaga koʻtarilgan oʻzbekistonlik birinchi bokschi Rufat Risqiyev qutlugʻ 75 yoshni qarshi olgan edi. Bugun poytaxtimizdagi Olimpiya va Paralimpiya shon-shuhrati muzeyida ushbu yubileyga bagʻishlangan tadbir oʻtkazildi.

Unda Sport vaziri Adham Ikramov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Oʻzbekiston sport faxriylari kengashi raisi Bahodir Maxsitov, boks faxriylari va kun qahramonining yaqinlari ishtirok etishdi.

Tadbirda soʻz olgan rasmiylar Rufat Asadovichning oʻzbek boksi rivojiga qoʻshgan hissasi, uning koʻplab mahoratli shogirdlarni yetishtirgani, afsonaviy bokschimizning sportda koʻrsatgan yuksak matonat va jasorat kabi xislatlari bugungi yoshlarga oʻrnak boʻlishini alohida taʼkidlashdi va esdalik sovgʻalarini taqdim qilishdi. Tadbir davomida koʻplab sport faxriylari va boshqa mehmonlar ham Rufat Asadovichni yubiley ayyom bilan qutlab, unga uzoq umr va sihat salomatlik tilashdi.

Maʼlumot uchun, Rufat Asadovich Risqiyev 1949-yil 2-oktyabr kuni Toshkent viloyatining Oqqoʻrgʻon shahrida tavallud topgan. 1974-yilgi jahon chempionatida zafar quchib, dunyo birinchiligida gʻalaba qozongan ilk oʻzbek bokschisi boʻlib tarixga kirdi. Shuningdek, Rufat Asadovich Monreal-1976 yozgi Olimpiya oʻyinlarining kumush medal sohibi hisoblanadi. Uning oʻzbek boks maktabi shakllanishidagi xizmatlarini hisobga olgan xolda 2019-yildan eʼtiboran boks boʻyicha Oʻzbekiston chempionatining eng yaxshi ishtirokchisiga Rufat Risqiyev sovrinini topshirish yoʻlga qoʻyildi. Rufat Risqiyevning koʻp yillik mehnatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlangan boʻlib, 2020-yil Prezidentimiz tomonidan taqdim etilgan “Doʻstlik” ordeni u kishining shaxsiy mukofot va sovrinlar kolleksiyasini yana bittaga boyitgan.

Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi yana bir bor boks afsonasini yubiley ayyomi bilan samimiy qutlab, unga sihat-salomatlik va uzoq umr tilab qoladi.

Text to speech