World Boxing Prezidenti Milliy Olimpiya qo‘mitasiga tashrif buyurdi
Bugun World Boxing Prezidenti Boris van der Vorst O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasiga tashrif buyurdi. Martabali mehmonni Sport vaziri Adham Ikramov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Qo‘mita raisi o‘rinbosari, mamlakat boks federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Saken Polatov hamda MOQ raisi o‘rinbosari Sherzod Tashmatov qarshi olishdi.
Dastavval janob van der Vorstga MOQning faoliyati, o‘zbek sportining shonli tarixi haqida ma’lumot berildi. Shundan so‘ng tomonlar ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi.
Yig‘ilishda World Boxing Prezidenti tashkilot faoliyati, uning maqsadlari haqida ma’lumot berdi. Unga ko‘ra, bugungi kunga kelib, 49 davlat ushbu xalqaro federatsiyaga a’zo bo‘lib, boks rivoji bo‘yicha kelgusida qator istiqbolli loyihalar rejalashtirilgan.
Suhbat davomida boks bo‘yicha O‘zbekiston erkaklar terma jamoasining Parij-2024 yozgi Olimpiya o‘yinlarida 7 ta vazndan 5 tasida oltin medalni qo‘lga kiritgani, bugungi kunda O‘zbekiston boks olamida jahonda yetakchilardan biri ekani ham tilga olindi. Qolaversa, rasmiylarimiz boksning Los-Anjeles-2028 yozgi Olimpiya o‘yinlari dasturida saqlanib qolishi tarafdori ekanini bildirishdi.