5 Oktyabr 2024 236

Toshkent-2025 yoshlar Para Osiyo oʻyinlarining tayyorgarlik jarayoniga bagʻishlangan yigʻilish boshlandi

Bugundan Poytaxtimizdagi “Hilton” mehmonxonasida Toshkent-2025 yoshlar Para Osiyo oʻyinlarini oʻtkazish uchun muvofiqlashtiruvchi komissiyaning 1-yigʻilishi oʻz ishini boshladi. 7-oktyabrga qadar davom etadigan ushbu tadbirda boʻlajak musobaqaga olib borilayotgan tayyorgarlik jarayoni atroflicha koʻrib chiqiladi.

Tadbirning ochilish qismida Majid Rashid boshchiligidagi Osiyo Paralimpiya qoʻmitasi rahbariyati, Oʻzbekiston Respublikasi Sport vaziri Adham Ikramov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Milliy Paralimpiya qoʻmitasi raisi Muxtorxon Tashxodjayev va boshqa rasmiylar ishtirok etishdi.

Oʻzbekiston tomoni davlatimizning qoʻllab-quvvatlashi bilan musobaqaga izchil tayyorgarlik olib borilayotgani, Olimpiya va Paralimpiya shaharchasidagi qurilish-montaj ishlarining katta qismi yakunlangani haqida maʼlumot berishdi. Shuningdek, Toshkent-2025 direksiyasi xodimlari Oʻyinlarni oʻtkazish boʻyicha dastur loyihasi taqdimotini oʻtkazishdi. Oʻz navbatida, janob Rashid yurtimizda koʻrilayotgan tayyorgarlikka yuqori baho berib, jarayondan koʻngli toʻq ekanini qoʻshimcha qildi.

Bugun kun davomida bir qator muhim yoʻnalishlar boʻyicha fikr almashildi. Dasturga koʻra, rasmiylar ertaga Olimpiya va Paralimpiya shaharchasiga tashrif buyurib, jarayonni bevosita kuzatishadi.

Text to speech