4 Oktyabr 2024 441

Toshkent-2025 yoshlar Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik vazirlik hayʼati yig‘ilishining asosiy mavzularidan bo‘ldi

Bugun O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasida Sport vazirligining navbatdagi Hayʼat yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Sport vaziri Adham Ikramov, Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidenti Otabek Umarov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Qo‘mita raisi o‘rinbosarlari Ravshan Irmatov va Sherzod Tashmatov, shuningdek, sport federatsiyalari va assotsiatsiyalari rasmiylari hamda viloyat sport boshqarmalari boshliqlari ishtirok etishdi.

Dastavval, Adham Ilhamovich Parij-2024 yozgi Olimpiya o‘yinlarida qo‘lga kiritilgan yutuq va shu bilan birga yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar xususida so‘z yuritdi. Bundan tashqari, yangi boshlangan Olimpiya siklini munosib o‘tkazish, buning uchun mavjud resurslardan maqsadli foydalanish va barchadan o‘z vazifasiga masʼuliyat bilan yondashish zarur ekanini taʼkidladi. Shuningdek, u qilichbozlik, velosport, yengil atletika kabi sport turlarini yana-da rivojlantirish lozimligi haqida to‘xtalib o‘tdi.

Yig‘ilish davomida ishtirokchilar uchun Toshkent-2025 yoshlar Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik yuzasidan taqdimot o‘tkazildi. Unda O‘yinlar direksiyasi, musobaqa sanalari va ular o‘tkaziladigan inshootlar, dasturdan o‘rin oladigan sport turlari, shuningdek, masʼullarga yuklatilgan vazifalar, akkreditatsiya masalalari yuzasidan atroflicha maʼlumot berildi.

Shundan so‘ng Otabek Muhammadaliyevich xam bir qator mavzular bo‘yicha fikr bildirdi. Jumladan, u Toshkent-2025 yoshlar Osiyo o‘yinlarini o‘zbek mexmondo‘stligi, uzoq yillik shonli tarixi va madaniyatini namoyon qilgan xolda o‘tkazish lozimligini aytib o‘tdi. Qolaversa, tayyorgarlik jarayoni reja bilan ketayotgani, muhtaram Prezidentimizning saʼy-xarakatlari bilan diyorimizda barcha sohalar, ayniqsa, sport jadal surʼatlarda rivojlanayotganini aytib o‘tdi. So‘z yakunida Otabek Muxammadaliyevich yangi Olimpiya siklida barchaga omad va kuch-g‘ayrat tiladi.

Tadbir so‘ngida Adham Ikramov Toshkent-2025 yoshlar Osiyo o‘yinlarining maskot va logotiplarining rasmiy taqdimotini o‘tkazish bo‘yicha taklifni ilgari surdi. Shuning bilan Hayʼat yig‘ilishi o‘z yakuniga yetdi.

Text to speech