Chavandozlarimiz “Millatlar kubogi”da yetakchi
Rossiya Federatsiyasining Moskva viloyatida joylashgan “Maxima stables” ot sporti klubida konkur bo‘yicha “Millatlar kubogi”ning navbatdagi bosqichi o‘z yakuniga yetdi. Quvonarlisi, yakunda terma jamoamiz vakillari umumjamoa hisobida peshqadamlikni qo‘lga olishdi.
Yevrosiyo ot sporti assotsiatsiyasi tomonidan tashkil etilgan mazkur musobaqada chavandozlarimiz bir qator yo‘nalishlarda g‘alaba qozonishdi. Jumladan, yoshlar o‘rtasida o‘tkaziladigan CSI-CH dasturida Boburjon Valijonov eng yaxshi natijani qayd etib, oltin medal bilan taqdirlandi. Terma jamoalar miqyosida kechgan bellashuvlarda yigitlarimiz kumush medalga sazovor bo‘lishdi.
Qayd etish joiz, chavandozlarimiz bu yilgi yirik musobaqalarda 9 ta oltin, 11 ta kumush va 5 ta bronza medallari jamg‘arishga muvaffaq bo‘ldilar. “Millatlar kubogi”ning ortda qolgan 3 bosqichi yakuniga ko‘ra jamoamiz eng katta ballni qo‘lga kiritib turibdi.
1. O‘zbekiston – 260
2. Qirg‘iziston – 220
3. Rossiya – 170
“Millatlar kubogi”ning yakuniy bosqichi 4-8 avgust kunlari ushbu viloyatdagi “Ivanovskoye” ot sporti klubida bo‘lib o‘tadi.