3 Oktyabr 2024 405

Rustam Assakalov yunon-rum kurashi bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlandi

Yunon-rum kurashi boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasiga yangi bosh murabbiy tayinlandi. Unga koʻra, yaqin yillar yurtimiz sharafini xalqaro maydonda munosib himoya qilgan Rustam Assakalov endi asosiy jamoa boshqaruviga oʻtadi. Uning oldiga sportchilarimizni Aichi-Nagoya-2026 yozgi Osiyo va Los-Anjeles-2028 yozgi Olimpiya oʻyinlariga munosib tayyorlash vazifasi qoʻyilgan.

Eslatib oʻtamiz, 40 yoshli mutaxassis Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlaridan soʻng sportchilik faoliyatini yakunlaganini e’lon qilgan edi. Assakalov faoliyati davomida uchta Olimpiya oʻyinlarida Oʻzbekiston terma jamoasi sharafini himoya qilgan. Shuningdek, uning hisobida jahon chempionatlarining 1 tadan kumush va bronza, qit’a birinchiliklarining esa 3 ta oltin, 2 ta kumush va 2 ta bronza medallari mavjud.

Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi Rustam Sxatbayevichning murabbiylik faoliyatida ham ulkan omad va muvaffaqiyatlar tilab qoladi.

Text to speech