3 Oktyabr 2024 658

Husayn Al Musallamning keyingi manzili Olimpiya va Paralimpiya shon-shuhrati muzeyi boʻldi

Ayni paytda Osiyo Olimpiya kengashi direktori, Butunjahon suzish federatsiyasi prezidenti Husayn Al Musallam Toshkentda boʻlib turgani haqida xabar bergan edik. Martabali mehmon poytaxtimizdagi Olimpiya va Paralimpiya shon-shuhrati muzeyida rasmiylar bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Unda Sport vaziri Adham Ikramov, Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidenti Otabek Umarov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov ishtirok etishdi.

Janob Musallam dastavval oʻrganish ishlari boʻyicha oʻz xulosalari bilan oʻrtoqlashdi. Unda tayyorgarlik yaxshi ketayotgani, Olimpiya shaharchasidagi qurilish ishlari bir maromdaligi, shuningdek, tashkiliy ishlar ham koʻngildagidek yoʻlga qoʻyilganini ta’kidladi. Shuningdek, eʼtibor qaratilishi kerak boʻlgan qator masalalar boʻyicha ham oʻz tavsiyalarini berib oʻtdi. Shu jumladan, rasmiylarimiz ham boʻlajak Oʻyinlarga katta hajmda tayyorgarlik koʻrilayotgani, jarayon shaxsan Prezidentimizning nazorati ostida ekanini bildirishdi.

Suhbat davomida tomonlar oʻzaro hamkorlikning keyingi bosqichiga oid qator istiqbolli rejalarni koʻrib chiqishdi.

Shundan soʻng Al Musallam zamonaviy qiyofa ochgan muzey bilan yaqindan tanishdi. Unda mehmonga oʻzbek sportining shonli tarixi, bugungi kundagi muvaffaqiyatlari haqida batafsil ma’lumot berildi. Yakunda u faxriy mehmonlar kitobiga oʻz dil izhorlarini yozib qoldirdi.

Text to speech