Husayn Al Musallam Toshkent-2025 yoshlar Osiyo o‘yinlariga olib borilayotgan tayyorgarlik bilan tanishmoqda
Bugun Osiyo Olimpiya kengashi Bosh direktori, Butunjahon suv sporti turlari federatsiyasi (World aquatics) prezidenti Husayn Al Musallam poytaxtimizga tashrif buyurdi. Martabali mehmon safari davomida Toshkent-2025 yoshlar Osiyo o‘yinlariga olib borilayotgan tayyorgarlik bilan batafsil tanishib chiqyapti.
Xususan, kunning birinchi yarmida poytaxtimizda barpo etilayotgan Olimpiya shaharchasida bo‘lib, qurilish ishlarining bugungi holatini o‘rgandi. Unga MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov hamda qurilish ishlariga masʼul Xitoyning “CAMC engineering” kompaniyasi vakillari hamrohlik qilishdi. Oybek Omilovich mehmonga davlatimiz tomonidan loyiha to‘la-to‘kis qo‘llab-quvvatlanayotgani, jarayon reja bo‘yicha ketayotgani xususida maʼlumot berdi.
Shundan so‘ng O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasida tashkiliy ishlar bo‘yicha uchrashuv o‘tkazildi. Yig‘ilishda Toshkent-2025 direksiyasi xodimlari O‘yinlarga tayyorgarlik yuzasidan taqdimotni namoyish qilishdi.
Unda olib borilayotgan katta hajmdagi hozirlik, O‘yinlar dasturiga kiritiladigan sport turlari va ular o‘tkaziladigan obyektlar, delegatsiyalarning tahminiy soni, transport-logistika masalasi va shu kabi tashkiliy mavzular haqida atroflicha maʼlumot berildi. O‘z o‘rnida, Husayn Al Musallam taqdimot yuzasidan fikr bildirar ekan, anti-doping, viza va aviaqatnovlar to‘g‘risida ham to‘xtalib, ushbu yo‘nalishlarni ham batafsil o‘rganish kerakligi yuzasidan fikr bildirdi.
Uchrashuv yakunida martabali mehmon O‘yinlarga tayyorgarlik bo‘yicha o‘zining iliq fikrlarini bildirdi. Xususan, barpo etilayotgan Olimpiya shaharchasi mamlakatimizning xalqaro maydondagi imkoniyatlarini yana bir karra namoyon etishini qo‘shimcha qildi.
Janob Musallamning mamlakatimizga tashrifi davom etadi. Uning doirasida o‘zbek sporti rasmiylari bilan mavzu bo‘yicha qator uchrashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.