1 Oktyabr 2024 260

FIVB Prezidenti Milliy Olimpiya qo‘mitasida mehmon bo‘ldi

Ayni kunlarda Xalqaro voleybol federatsiyasi (FIVB) Prezidenti Ari Grassa boshchiligidagi delegatsiya yurtimizda mehmon bo‘lib turgani haqida ma’lum qilgan edik. Martabali mehmon bugun O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasiga tashrif buyurdi.

Uchrashuvda Sport vaziri Adham Ikramov, Ichki ishlar vaziri, O‘zbekiston voleybol federatsiyasi raisi, general-leytenant Po‘lat Bobojonov, Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, mamlakat voleybol federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari, general-mayor Bekmurod Abdullayev, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov ishtirok etishdi.

Dastavval Po‘lat Razzoqovich Prezidentimiz boshchiligida yurtimizda voleybol sportini rivojlantirish borasida olib borilayotgan loyihalar haqida batafsil ma’lumot berdi. Xususan, federatsiya rahbari Sport vazirligi va Milliy Olimpiya qo‘mitasi bilan hamkorlikda ish olib borilayotgani, voleybol ommaviyligini oshirish bo‘yicha o‘tkazilayotgan turli musobaqalar, mahalliy mutaxassislarning tajribasini oshirish maqsadida tashkil etilayotgan seminarlar, terma jamoalarimizning reytingi ancha yuqorilagani va unga xorijlik murabbiy jalb etilgani haqida ma’lumot berdi.

Shuningdek, Adham Ilhamovich janob Grassaning tashrifi tarixiy ahamiyatga ega ekani, voleybol rivojini yangi bosqichga olib chiqish uchun uning ommaviyligini oshirishga katta ahamiyat qaratilayotgani xususida to‘xtaldi. Qolaversa, O‘zbekiston delegatsiyasining Parij-2024 yozgi Olimpiya o‘yinlaridagi muvaffaqiyati haqida gapirib, kelgusi Olimpiadalarda ko‘proq jamooaviy sport turlarida ishtirok etish maqsad qilinganini bildirdi. O‘z navbatida, Oybek Omilovich 2025-yil yurtimizda o‘tadigan yoshlar Osiyo o‘yinlariga ulkan hajmda tayyorgarlik ishlari olib borilayotgani, katta hududda Olimpiya shaharchasi barpo etilayotgani, O‘yinlar dasturidan voleybol sportining ham joy olayotgani uning rivoji yo‘lida muhim turtki bo‘lishini qo‘shimcha qildi.

FIVB Prezidenti mamlakatimizda sportga bo‘lgan e’tibordan mamnun ekanini bildirdi. Kasbi bankir bo‘lgan Ari Grassa bunday loyihalar katta mablag‘ talab etishini, davlatning uni qo‘llab-quvvatlashi esa yaqin vaqt ichida o‘z samarasini berishiga ishonishini ta’kidladi.

Suhbat chog‘ida voleybol rivoji bo‘yicha qator loyihalar, o‘zaro hamkorlikning keyingi qadamlari borasida fikr almashildi. Martabali mehmon tashrifi davomida yurtimizdagi sport infratuzilmasi bilan yaqindan tanishadi.

Text to speech