MOQ xodimlari “Jismoniy tarbiya va sport aʼlochisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlanishdi
Oʻzbekiston Respublikasi Sport vazirining tegishli buyrugʻi bilan mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, terma jamoalarimizning xalqaro maydonlarda munosib ishtirok etishini taʼminlashdagi jonkuyarligi, koʻp yillik samarali mehnati va jamoat ishlaridagi faol ishtirokini munosib taqdirlash maqsadida bir qator soha mutaxassislariga “Jismoniy tarbiya va sport aʼlochisi” koʻkrak nishoni topshirildi. Ahamiyatlisi, ular orasida Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi xodimlari ham bor.
Bugun MOQda ushbu nishonni topshirish marosimi boʻlib oʻtdi. Unda Sport vazirining oʻrinbosari Shahrullo Mahmudov, Qoʻmita Bosh kotibi Oybek Kasimov ishtirok etishdi.
Buyruqqa binoan MOQ Xodimlar bilan ishlash xizmati bosh inspektori Dilnoza Sagdullayeva, Olimpiya sport turlari faoliyatini koordinatsiya qilish departamenti direktori Mirjalol Saydullayev va Bosh mutaxassis Javodilla Xasanboyev, Xalqaro aloqalar departamenti Bosh mutaxassisi Nozim Atakalov va yetakchi mutaxassis Muhammad Humoyun Ibragimovga mazkur koʻkrak nishoni taqdim etildi.
Shahrullo Sharipovich ushbu sovrinlarni oʻz egalariga topshirar ekan, ularning koʻrsatgan xizmatlarini alohida eʼtirof etdi. Oʻz navbatida, Oybek Omilovich eʼtirof etilgan xodimlarning kelgusi faoliyatida ham omad tiladi.