29 Sentyabr 2024 243

Toshkentda 800 nafar yengil atletikachimiz bellashmoqda

Shu kunlarda poytaxtimizda yengil atletika boʻyicha U16 yosh toifasidagi Oʻzbekiston chempionati va kattalar oʻrtasidagi mamlakat kubogi bahslari boʻlib oʻtmoqda. Unda Respublikamizning turli hududlaridan tashrif buyurgan 800 nafar atlet gʻoliblik uchun kurash olib boryapti.

Ular orasida Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlari ishtirokchilari Sharifa Davronova, Anvar Anvarov kabi atletlarimiz ham bor. Ahamiyatlisi, uch hatlab sakrash dasturiga ixtisoslashgan Davronova mazkur turnirda 100 metrga yugurish yoʻnalishida oʻz omadini sinab koʻrib, 12.19 soniya bilan bronza medaliga ega chiqdi.

Oʻzbekiston chempionati kelasi yil yurtimizda oʻtadigan Toshkent-2025 yoshlar Osiyo oʻyinlari oldidan iqtidorli yoshlarni seleksiya qilish vazifasini oʻtab berayotgan boʻlsa, kattalar oʻrtasidagi kubok bahslari orqali kelgusi yilgi xalqaro musobaqalar uchun terma jamoaga nomzodlar koʻzdan kechirilmoqda.

Text to speech