27 Sentyabr 2024 391

WAKO Prezidenti Milliy Olimpiya qo‘mitasida mehmon bo‘ldi

Ayni kunlarda diyorimiz kikboksing bo‘yicha Jahon kubogi bahslariga mezbonlik qilayotgani haqida ma’lum qilgan edik. Bugun musobaqaning martabali mehmonlari — Jahon kikboksing assotsiatsiyasi (WAKO) Prezidenti Roy Beyker, XOQ tomonidan tan olingan xalqaro sport federatsiyalari assotsiatsiyasi (ARISF) Prezidenti Rafayelle Kyulli O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasiga tashrif buyurishdi.

Mehmonlarni MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov qarshi oldi va ularga o‘zbek sportining so‘nggi yillarda erishgan ulkan yutuqlari xususida ma’lumot berdi. Tomonlar ishtirokida kechgan uchrashuvda o‘zaro hamkorlik masalasiga oid qator mavzular ko‘rib chiqildi.

Suhbat davomida janob Beyker WAKO Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi tomonidan tan olingan sport turlaridan biri ekani, hozirda ushbu sport butun dunyoda jadal suratda rivojlanib borayotgani xususida to‘xtalib o‘tdi. Qolaversa, u Toshkent birinchi bor qabul qilayotgan Jahon kubogi ham yuqori saviyada o‘tkazilayotganini qo‘shimcha qildi.

O‘z navbatida, Oybek Omilovich davlatimiz tomonidan barcha sport turlariga birdek e’tibor qaratilishi, kikboksing yoshlarimizning sevimli sport turlaridan biriga aylanib borayotganini ta’kidladi. Janob Beyker 2 yil muqaddam yurtimizga tashrif buyurgan edi. MOQ Bosh kotibi mehmonga ushbu kichik davrda o‘zbek sportida erishilgan katta yutuqlar haqida batafsil gapirib berdi.

Suhbat yakunida tomonlar hamkorlikning kelgusi qadamlarini ko‘rib chiqish borasida fikr almashishdi.

Text to speech