25 Sentyabr 2024 886

O‘zbekiston kikboksing bo‘yicha Jahon kubogiga mezbonlik qilyapti

Ayni kunlarda poytaxtimiz kikboksing bo‘yicha Jahon kubogiga mezbonlik qilmoqda. Bugun “Universal” sport majmuasida tashkil etilayotgan musobaqaning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tadbirda Jahon kikboksing assotsiatsiyasi prezidenti Roy Beyker, ARISF (XOQ tomonidan tan olingan xalqaro sport federatsiyalari assotsiatsiyasi) prezidenti Rafayelle Kyulli, O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri Adham Ikramov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, O‘zbekiston kikboksing assotsiatsiyasi prezidenti Asadjon Xodjayev, shuningdek, xalqaro tashkilotning mintaqalar bo‘yicha rahbarlari ishtirok etishdi.

Marosimda so‘z olgan rasmiylar kikboksing olamidagi mazkur nufuzli musobaqa O‘zbekistonda o‘tkazilayotgani uning yurtimiz bo‘ylab yanada ommalashishiga asos bo‘lishi, mamlakatimizda barcha sport turlarining rivojiga ahamiyat qaratilayotgani haqida alohida to‘xtalishdi. Xususan, Parij-2024 yozgi Olimpiya o‘yinlarida o‘zbekistonlik atletlar tomonidan qayd etilgan tarixiy natija bunga yaqqol misol bo‘lishi ta’kidlandi.

Shundan so‘ng kechki dasturdan o‘rin olgan bellashuvlarga navbat berildi. 29-sentyabrga qadar davom etadigan Jahon kubogida 53 mamlakatdan 1200 nafar sportchi ishtirok etmoqda.

Text to speech