29 Iyun 2021 2011

Ravshan Irmatov O‘zDJSTU professorlari bilan yaqin istiqboldagi rejalarni muhokama qildi

O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Ravshan Irmatov boshchiligida O‘zbekiston Davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti huzuridagi Jismoniy tarbiya va sport ilmiy–tadqiqotlar institutining istiqbolli rejalari va sport turlari bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoa sportchilarining natijadorligini mavzusida ilmiy yondashuvga asoslangan suhbat bo‘lib o‘tdi. Unda Rashid Matkarimov, Fikrat Kerimov, Shamil Iseyev kabi yetakchi professorlar ishtirok etishdi.

Uchrashuv davomida Ravshan Irmatov kuchli zaxiraga ega terma jamoalarimizni tayyorlashda sohaning ilm-fan masalalari ham dolzarb ekani haqida to‘xtalib, bir qator istiqbolli rejalar xususida fikr almashdi. Terma jamoalarimizning xalqaro maydondagi muvaffaqiyatlarini oshirish maqsadida zamonaviy ilm-fan yutuqlaridan keng foydalanish, mashg‘ulotlar va musobaqalar davrida sportchilarning funksional darajasini chuqur tahlil qilish, institutni laboratoriyasini kerakli jihozlar bilan taʼminlash kabi masalalar batafsil ko‘rib chiqildi.

Yig‘ilish sportchilarimizni Xanchjou-2022 Osiyo o‘yinlari va Parij-214 Olimpiya o‘yinlariga tayyorlashga qaratilgan bo‘lib, yakunida Ravshan Irmatov mutaxassislarga MOQ doimo hamkorlikda ishlashga tayyor ekani, o‘zbek sporti yutuqlarining salmog‘ini oshirishda olimlarimizning xizmati beqiyos ekanini taʼkidlab o‘tdi.

Text to speech