Ot yo‘rttirish va konkur bo‘yicha mamlakat kubogi o‘tkazildi
Dam olish kunlari “Universal Horses Stables” majmuasida ot sportining konkur yoʻnalishi boʻyicha mamlakat kubogi oʻtkazildi. Ahamiyatlisi, ushbu turnir Oʻzbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi tashkil etilganining 31-yilligiga bagʻishlandi.
Qiziqarli bellashuvlarga boy oʻtgan musobaqada Dilshodbek Mamadaliyev (“Sweet and Sour” laqabli otda) 100 sm balandlikdagi toʻsiqlardan sakrash yoʻnalishida gʻoliblikni qoʻlga kiritdi. Akbar Sharipov esa “Cachmaker” tulpori bilan 110 sm, “Affir” otida esa 120 sm balandlikdagi gʻovlardan sakrash yoʻnalishida eng yuqori natijani koʻrsatdi.
Shuningdek, Milliy gvardiya qoshidagi ot sporti boʻyicha Respublika oliy sport mahorati maktabida ham ot yoʻrttirish dasturida kubok bahslari tashkil etildi. Uch kun davom etgan musobaqada Timur Panayev, Feruza Abdullayeva, Oksana Pavliva, Inna Tokmakova turli yoʻnalishlarda zafar quchishdi.