Tezkor shtab RSTIAM bilan bazalardagi vaziyatni tekshirmoqda
Sportchilarimizning Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlariga olib borayotgan tayyorgarlik jarayonini kuchaytirish bo‘yicha MOQ qoshidagi tuzilgan Tezkor shtab faoliyati har qachongidan ham qizg‘in kechmoqda. MOQ raisi o‘rinbosari Sherzod Tashmatov boshchiligidagi tuzilgan ushbu shtab Qo‘mita qoshidagi RSTIAM bilan sport bazalarini nazorat qilib bormoqda.
Dastavval, Respublika maxsus komissiyasining yangicha talablari, uning mazmuni bo‘yicha Sherzod Tashmatov boshchiligida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda qarorda ko‘rsatib o‘tilgan yangi talablardan kelib chiqqan holda har bir mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi. Unga ko‘ra, sport bazalarida 24 soatlik navbatchilik yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, biriktirilgan masʼullar ushbu vaqt mobaynida atletlarimizning mashg‘ulot jarayonini nazorat qilib borishadi.
Hozirda Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rayotgan aksariyat atletlarimiz Angren shahri yaqinidagi “Dukent” va “Yangiobod” bazalarida bo‘lib turishibdi. Tezkor shtab vakillari belgilab berilgan vazifalar asosida RSTIAM mutasaddilari bilan bazalardagi epidemiologik vaziyatni o‘rganib borishmoqda. Ish jarayonida oshxona, mashg‘ulotlar zali, bazaga kirish-chiqish yo‘lida dezinfeksiya ishlari olib borilib, bazadagi har bir vakilning salomatligini ko‘zdan kechirilmoqda.