19 Sentyabr 2024 625

Yangi Olimpiya davriga tayyorgarlik rejalari koʻrib chiqildi

Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlarining yakuni va oldinda kutib turgan yirik kompleks musobaqalarga tayyorgarlik masalalariga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi. Mazkur uchrashuvda Sport vaziri Adham Ikramov, Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidenti Otabek Umarov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Qoʻmita raisi oʻrinbosarlari Saken Polatov va Azizjon Kamilovlar ishtirok etishdi.

Dastavval, Fransiya poytaxti mezbonlik qilgan XXXIII yozgi Olimpiya oʻyinlarida Oʻzbekiston delegatsiyasining ishtiroki muhokama qilindi. Unda erishilgan yutuq va yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar tahlil qilinib, zarur vazifalar belgilab olindi. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28-avgust kuni sportchi va murabbiylarimiz bilan uchrashuvda yangi Olimpiya sikli uchun belgilab bergan vazifalar ijrosini taʼminlash masalasi ham koʻrib chiqildi.

Suhbatda Toshkent-2025 yoshlar Osiyo oʻyinlariga tayyorgarlik, xususan, Oʻyinlar dasturi va unga kiritiladigan sport turlarini koʻrib chiqish kun tartibidan oʻrin oldi va bu boʻyicha barcha masalalar atroflicha muhokama qilindi. Shuningdek, Aichi-Nagoya-2026 yozgi Osiyo va Los-Anjeles-2028 yozgi Olimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik rejalariga ham alohida toʻxtalib oʻtildi. Unda jamoaviy sport turlari va ayollar sportiga yanada koʻproq ahamiyat qaratish, terma jamoalarning moddiy-texnik bazasini yaxshilab, tajribali xorijiy murabbiylarni jalb etish, sportchilarning tibbiy taʼminotini kuchaytirish kabi mavzular yuzasidan fikr almashildi.

Text to speech