18 Sentyabr 2024 496

Toshkent-2025 yoshlar Osiyo oʻyinlariga tayyorgarlik masalalari qayta koʻrib chiqildi

Toshkent-2025 yoshlar Osiyo va Para Osiyo oʻyinlariga puxta tayyorgarlik koʻrish allaqachon dolzarb masalalardan biriga aylangan. Bugun Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasida ushbu muhim musobaqalarga olib borilayotgan tayyorgarlik yuzasidan yigʻilish oʻtkazildi.

Unda MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Qoʻmita raisi oʻrinbosari Azizjon Kamilov, shuningdek, federatsiya va assotsiatsiyalar masʼullari ishtirok etishdi.

Uchrashuvni Oybek Omilovich olib borar ekan, Oʻyinlarga har tomonlama puxta tayyorgarlik koʻrish, uni yuqori saviyada oʻtkazish qanchalik muhimligi haqida toʻxtaldi. Shuningdek, yoshlar Osiyo oʻyinlari 2025-yilning sentyabr, yoshlar Para Osiyo oʻyinlari esa oktyabr oyida oʻtkazilishi rejalashtirilayotgani, uning dasturiga kiruvchi taxminan 90 foiz sport turi aniq boʻlib ulgurgani haqida maʼlumot berdi.

Yigʻilish davomida federatsiyalar bilan har bir sport turlaridagi bellashuvlar qaysi obyektda necha kun davomida oʻtkazilishi, qancha dasturlarda medallar oʻynalishi borasida fikr almashildi. Oʻz navbatida, Azizjon Yakubjanovich barcha sport turidagi bellashuvlar uchun zarur inventarlar roʻyxatini shakllantirish masalasiga alohida toʻxtalib oʻtdi.

Yakunda federatsiyalarga Oʻyinlarni oʻtkazish boʻyicha tashkil etilgan direksiya bilan ishlovchi masʼullarni biriktirish, sport dasturlarini koʻrib chiqish, xalqaro va Osiyo federatsiyalari tomonidan ajratiladigan hakamlar va texnik delegatlar boʻyicha maʼlumot shakllantirish, bahslarni oʻtkazish uchun zarur inventarlar roʻyxatini koʻrib chiqish borasida koʻrsatmalar berildi.

Text to speech