Xitoy shirkati Olimpiya shaharchasidan unumli foydalanish bo‘yicha o‘z xizmatini taklif qildi
Bugun Sport vazirligida “Beijing Huatai United technology co., LTD” kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda Toshkent-2025 yoshlar Osiyo o‘yinlaridan keyin Olimpiya shaharchasidagi ob’ektlardan samarali foydalanish kun tartibining asosiy mavzusi bo‘ldi.
Uchrashuvda Vazir Adham Ikramov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, shirkat bosh direktori Sun Bodong ishtirok etishdi.
Dastavval, Xitoy kompaniyasi o‘z tajribasidan kelib chiqqan holda inshootlardan samarali foydalanishga oid taqdimotini namoyish qildi. Unda sport va ichki turizmni o‘zaro uyg‘unlashtirgan holda shaharchani aholi uchun ko‘ngilochar maskanga aylantirish, majmuadagi maydonlardan samarali foydalanish, jarayonga sun’iy intellekt va innovatsion texnologiyalarni tatbiq etish kabi mavzular atroflicha ko‘rib chiqildi.
Taqdimot O‘zbekiston tomonining katta qiziqishiga sabab bo‘ldi. Yakunda mutasaddilar taklif uchun minnatdorchilik bildirib, bu loyiha soha mutaxassislari bilan batafsil o‘rganib chiqilishini ma’lum qilishdi.