Yangi Oʻzbekistonning “oltin” Olimpiadasi
Joriy yilning 26-iyul – 11-avgust kunlari Fransiyaning Parij shahrida XXXIII yozgi Olimpiya oʻyinlari boʻlib oʻtdi. Dunyoning 206 mamlakatidan tashrif buyurgan eng kuchli atletlar ishtirokidagi Oʻyinlarda Oʻzbekiston delegatsiyasi oʻz tarixidagi eng yaxshi natijani qayd etishga muvaffaq boʻldi. Muzaffar atletlarimiz murosasiz bellashuvlar davomida 8 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronza, jami 13 ta medal qoʻlga kiritib, Yangi Oʻzbekiston qahramonlariga aylanishdi.
Bu natija bilan delegatsiyamiz umumjamoa hisobida 206 mamlakat orasida 13-oʻrinni egalladi. Osiyoda toʻrtinchi, shuningdek, MDH, Markaziy Osiyo mintaqasi, Islom birdamligi va Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo mamlakatlar orasida eng yaxshi koʻrsatkichga ega boʻldi.
Bu qoʻlga kiritilgan muvaffaqiyat tasodifan boʻlib qolgani yoʻq. Prezidentimizning har bir soha qatori sportni ham qoʻllab-quvvatlashlari, ushbu yoʻnalishni ich-ichidan bilishlari va koʻrsatayotgan eʼtiborlari atletlarimizning bugungi kundagi ulkan muvaffaqiyatlariga asos boʻlmoqda.
Parij-2024 Olimpiadasi sikli davomida mamlakatimizda oʻtkazilgan dzyudo, taekvondo, boks boʻyicha jahon chempionatlarida terma jamoalarimiz oʻzlarining eng yuqori natijalarini qayd etishdi. Shuningdek, Xanchjou-2022 yozgi Osiyo oʻyinlarida Oʻzbekiston delegatsiyasi oltin medallar jamgʻarish boʻyicha oʻz tarixidagi eng yaxshi koʻrsatkichini yangiladi. Bu Parijga koʻrilayotgan tayyorgarlik reja asosida davom etayotganidan dalolat berardi.
Qolaversa, xotin-qizlar sportiga qaratilayotgan eʼtiborga ham alohida toʻxtalib oʻtish oʻrinli. Ayol sportchilarimiz soʻnggi bor 2008-yil Pekin shahrida oʻtgan yozgi Olimpiya oʻyinlarida shohsupaga koʻtarilishgan edi. Oʻshanda Yekaterina Xilko trampolin dasturida bronza medalini qoʻlga kiritdi. Parijda esa dzyudochimiz Diyora Keldiyorova gʻalaba qozonib, yozgi Olimpiya oʻyinlari chempioni boʻlgan birinchi oʻzbekistonlik ayol sportchiga aylandi. Shuningdek, taekvondochimiz Svetlana Osipova kumush medalni qoʻlga kiritdi.
Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik davomida har bir terma jamoamizga barcha sharoitlar yaratib berildi. Buni ularning mahalliy va xorijiy oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarida ishtirok etishlari, zarur tibbiy-farmakologik vositalar bilan taʼminlanganlari, moddiy-texnik bazalarning yaxshilangani, Olimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik siklida terma jamoaga jalb etilgan murabbiylar, asosiy va zaxira tarkib sportchilarning moddiy qoʻllab-quvvatlangani va boshqa koʻplab misollarda koʻrish mumkin.
Natijada, atletlarimiz tarixda ilk bor yozgi Olimpiya oʻyinlariga 19 ta sport turida 90 nafar sportchi bilan 75 ta yoʻllanma jamgʻarishga muvaffaq boʻldilar. Yaʼni, bu yilgi Olimpiya oʻyinlarida sport turlari geografiyasi sezilarli darajada kengaydi. Delegatsiyamiz futbol, kamondan otish, ayollar kurashi va suvga sakrash dasturlarida tarixda birinchi bor toʻrt yillikning eng muhim startida ishtirok etdi.
Xalqaro maydonda yuqori natija qayd etishda sohadagi soʻnggi metodikadan foydalanish katta ahamiyat kasb etadi. Shu bois deyarli barcha terma jamoalarimizga xorijlik mutaxassislar jalb etildi. Boks, dzyudo, sport kurashlari, ogʻir atletika, eshkak eshish, zamonaviy beshkurash, qilichbozlik, velosport, kamondan otish, suzish va suvga sakrash boʻyicha jamoalarimizda oʻz sohasida ulkan tajribaga ega boʻlgan xorijlik mutaxassislar faoliyat olib borishdi.
Ortda qolgan Oʻyinlar erishgan muvaffaqiyatlarimiz bilan birga qaysi sohalarda yanada rivojlanishimiz kerakligini koʻrsatib berdi. Mutaxassislar bilan barchasini tahlil qilib, kelgusi kompleks musobaqalarga xatolardan xulosa chiqargan holda tayyorgarlik koʻramiz. Bunda jamoaviy sport turlarini rivojlantirish eʼtiborimiz markazida turadigan alohida yoʻnalish boʻladi.
Shu oʻrinda, Oʻzbekiston soʻnggi yillarda kattalar oʻrtasidagi jahon chempionatlarini qabul qilish orqali ham sport sohasidagi imkoniyatlarini butun dunyoga namoyish etmoqda. 2021-yil ogʻir atletika, 2022-yil dzyudo, 2023-yil boks, joriy yil esa baydarka va kanoeda eshkak eshish boʻyicha jahon chempionatlari poytaxtimizda yuqori saviyada tashkil etildi. Bir necha kundan soʻng diyorimiz futzal boʻyicha dunyo birinchiligiga mezbonlik qiladi. 2025-yil esa Toshkent va Samarqand shaharlarida oʻsmirlar Osiyo va Para Osiyo oʻyinlari oʻtkaziladi.
Hozirda butun Respublikamiz boʻylab mazkur musobaqaga yuqori darajada tayyorgarlik koʻrish boʻyicha katta ish olib borilmoqda. 2022-yilning 9-noyabr kuni Muhtaram Yurtboshimiz Toshkentdagi 100 gektar maydonda qad rostlayotgan Olimpiya shaharchasining qurilishiga tamal toshi qoʻydilar. Ushbu bunyodkorlik loyihasi kelajakda oʻzbek sporti uchun ilmiy-amaliy mashgʻulotlar markaziga aylanadi va uning rivojini yangi bosqichga olib chiqishda yagona klaster boʻlib xizmat qiladi. Shuningdek, shaharcha terma jamoalarimizni kelgusida kutib turgan Los-Anjeles-2028 va Brisben-2032 yozgi Olimpiya oʻyinlariga tayyorlashda asosiy bazaga aylanadi.
Quyida Oʻzbekiston delegatsiyasining mazkur Olimpiya oʻyinlaridagi ishtirokiga oid faktlar keltirib oʻtiladi:
Oʻzbekiston delegatsiyasi XXXIII yozgi Olimpiya oʻyinlarida oʻz tarixida eng yaxshi natijani qayd etib, 8 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronza, jami 13 ta medal bilan umumjamoa hisobida 206 mamlakat orasida 13-oʻrinni egalladi;
Oʻzbekistonlik ayol sportchi (Diyora Keldiyorova) ilk bor yozgi Olimpiya oʻyinlarida oltin medalni qoʻlga kiritdi;
Boks boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi ilk marotaba Olimpiya oʻyinlarida 5 ta oltin medalga sazovor boʻldi va mazkur sport turida umumjamoa hisobida birinchi oʻrinni egalladi;
Dzyudo boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi birinchi marotaba Olimpiya oʻyinlarida oltin medalni qoʻlga kiritdi. Unga Diyora Keldiyorova mualliflik qildi;
Dzyudo boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi ilk bor Olimpiya oʻyinlarida 3 ta medalga sazovor boʻldi;
Birinchi bor oʻzbekistonlik ayol sportchi (Svetlana Osipova) Olimpiya oʻyinlarining taekvondo WT bahslarida shohsupaga koʻtarildi;
Taekvondo WT boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi ilk marotaba Olimpiya oʻyinlarida 2 ta medalga sazovor boʻldi;
Akbar Joʻrayev Olimpiya oʻyinlarida ikki marotaba sovrindor boʻlgan birinchi oʻzbekistonlik ogʻir atletikachiga aylandi;
Olimpiada gʻoliblari Bahodir Jalolov, Hasanboy Doʻsmatov va Ulugʻbek Rashitov ikki karra Olimpiada chempioni unvoniga sazovor boʻlishdi;
Badiiy gimnastikachilarimiz Olimpiya oʻyinlarida guruh mashqi dasturida birinchi marotaba final bosqichida ishtirok etishdi;
Bir Olimpiadada ilk marotaba oʻzbekistonlik ikki nafar ayol sportchi shohsupaga koʻtarildi.