13 Sentyabr 2024 394

Olimpiya shaharchasining qurilishiga masʼul kompaniya mutasaddilari bilan Prezident topshiriqlari ijrosi koʻrib chiqildi

Prezident Shavkat Mirziyoyevning kuni kecha poytaxtimizda barpo etilayotgan Olimpiya shaharchasiga tashrifi davomida bergan topshiriqlari ijrosi barcha sohalardagi masʼullar bilan muhokama qilib chiqilmoqda. Bugun Xitoyning “China CAMC Engineering Co., LTD” kompaniyasi vakillari bilan ana shu mavzuda yigʻilish oʻtkazildi.

Sport vazirligida oʻtgan uchrashuvda vazir Adham Ikramov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov hamda Qoʻmita raisining oʻrinbosari Azizjon Kamilov ishtirok etishdi.

Qayd etish joiz, ushbu shirkat qurilish ishlariga masʼul hisoblanadi. Yigʻilish davomida barpo etilayotgan obyektlarni oʻz vaqtida foydalanishga topshirish, shuningdek, ularni jihozlashda eng zamonaviy inventarlardan foydalanish, ish samaradorligini oshirish kabi masalalar kun tartibidan joy oldi va ular masʼullar ishtirokida batafsil koʻrib chiqildi.

Adham Ilhamovich mazkur loyiha shaxsan davlatimiz rahbari tomonidan nazoratga olingani, uni muvaffaqiyatli tamomlash zarurligi borasida toʻxtalib oʻtdi. Uchrashuv davomida qurilishning bugungi holati, mavjud masalalar va ularning yechimi yuzasidan fikr almashildi.

Text to speech