28 Iyun 2021 2052

“Sport hamma uchun” loyihasi doirasida konferensiya bo‘lib o‘tdi

Poytaxtimizdagi “HILTON” mehmonxonasida “Sport hamma uchun” loyihasi doirasida jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarni paralimpiya sport turlari bilan keng qamrab olish, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va jamiyatga integratsiya qilish mavzusidagi konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov, O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisi Rustam Shoabdurahmonov, Osiyo Paralimpiya qo‘mitasi prezidenti Majid Rashid, O‘zbekiston Milliy Paralimpiya qo‘mitasi raisi Muxtorxon Tashxodjayev, O‘zbekiston Davlat Jismoniy tarbiya va sport universiteti rektori Mahmud Boltaboyev, mutaxassislar va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Xabaringiz bor, joriy yilning 18 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Paralimpiya harakatini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan edi. Unda “Sport hamma uchun” loyihasi doirasida bir yilda bir marta parasport xalqaro festivali, har yili 3 dekabr kuni respublika va hududiy parasport festivallari, taniqli sportchilar tomonidan master-klasslar, shuningdek, seminar, konferensiya va davra suhbatlari o‘tkazilishi belgilab qo‘yilgan. Mazkur konferensiya ana shu Qaror ijrosini taʼminlash maqsadida tashkil etildi.

Aziz Abduhakimov tadbirni ochar ekan, konferensiyada ishtirok etayotgan martabali mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlab, mamlakatimizda imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash, paralimpiya sport turlarini ommaviyligini taʼminlash, bu masalaga davlat va hukumat darajasida ahamiyat qaratilayotganini alohida taʼkidladi.

O‘z navbatida, konferensiyada so‘zga chiqqan Majid Rashid mamlakatimizda tobora rivojlanib borayotgan Paralimpiya harakatiga qaratilayotgan yuksak eʼtibordan mamnunligini izhor etib, Osiyo mintaqasida Paralimpiya sport turlarini rivojlanishi to‘g‘risida o‘z fikr-mulohazalarini bildirib o‘tdi va konferensiya ishiga muvaffaqiyat tiladi. Ayniqsa, mehmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini tatbiq etish borasidagi ishlari, xususan, paralimpiyachilarni ham maʼnaviy, ham moddiy tomondan qo‘llab-quvvatlayotganini olqishladi.

Shuningdek, konferensiya doirasida Mahmud Boltaboyev, Osiyo Paralimpiya qo‘mitasi ijrochi direktori Tarek Soue, O‘zbekiston Milliy Paralimpiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sharifjon Momindjanov sohaga oid dolzarb mavzularda maʼruza qilishdi.

Unda ko‘tarilgan vazifalar ijrosini taʼminlash, sportga qiziquvchi imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarni aniqlash, iqtidorlilarini nufuzli musobaqalarda ishtirokini taʼminlash, shu orqali Paraosiyo va Paralimpiya terma jamoalari uchun zaxiralar tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yishga eʼtibor qaratildi.

Konferensiya yakunida kun tartibidagi masalalar yuzasidan bildirilgan taklif va tavsiyalar amaliyotga jadal tatbiq etiladigan bo‘ldi.

Text to speech