Prezident topshiriqlari soha mutaxassislariga yetkazildi
Kecha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev poytaxtimizda olib borilayotgan ulkan bunyodkorlik loyihasi – Toshkent -2025 yoshlar Osiyo oʻyinlari uchun barpo etilayotgan Olimpiya shaharchasining qurilish ishlarini borib koʻrdi. Davlatimiz rahbari tashrif davomida majmuani xalqimiz uchun uzoq yillar xizmat qiladigan, zamonaviy talablarga mos tarzda barpo etish boʻyicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar bergan edi. Bugun Milliy Olimpiya qoʻmitasida Sport vaziri Adham Ikramov ushbu vazifalar yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi.
Unda vazir oʻrinbosari Shahrullo Mahmudov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov va rais oʻrinbosari Azizjon Kamilov, Milliy Paralimpiya qoʻmitasi rahbariyati, soha mutaxassislari ishtirok etishdi.
Yigʻilish davomida vazir davlatimiz rahbari tomonidan barcha yoʻnalishlarda berilgan topshiriqlarni masʼullarga yetkazdi. Xususan, obyektalarni energiya tejamkor xomashyolar bilan jihozlash, jarayonni yuqori darajada raqamlashtirish va unda sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan keng foydalanish, shaharchani hamyurtlarimiz uchun madaniy va koʻngilochar majmuaga aylantirish, shuningdek, Oʻyinlarning ochilish marosimiga puxta tayyorgarlik koʻrish borasidagi vazifalar masʼullar bilan muhokama qilib olindi. Qolaversa, musobaqa ramzlarini tasdiqlash, binolardan Oʻyinlardan soʻng samarali foydalanish, tashrif buyuradigan yurtdoshlarimizga barcha sharoitlar yaratish borasida ham fikr almashildi.