8 Sentyabr 2024 1409

Hindistondan ajoyib xabar: Otabek Umarov Osiyo Olimpiya kengashining Markaziy Osiyo mintaqasi boʻyicha vitse-prezidenti etib saylandi

Ayni paytda Hindistonning Nyu-Deli shahrida Osiyo Olimpiya kengashi (OOK)ning 44-Bosh Assambleyasi oʻtkazilayotgani haqida xabar bergan edik. Assambleya kun tartibiga muvofiq, tashkilotning rahbarlik lavozimlariga saylovlar boʻlib oʻtdi. Tashkilotni vaqtinchalik boshqarib borayotgan Raja Randxir Singx OOK Prezidenti etib saylandi. Shuningdek, 5 ta mintaqaga vitse-prezidentlar ovoz berish yoʻli bilan aniqlab olindi.

Biz uchun ahamiyatli tarafi, Otabek Umarov Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston, Eron va Afgʻonistondan iborat Markaziy Osiyo mintaqasi boʻyicha tashkilot vitse-prezidenti etib saylandi. Bungacha Otabek Muhammadaliyevich muddati qisqa boʻlgan davr – Toshkent-2025 yoshlar Osiyo oʻyinlarini oʻtkazish boʻyicha vitse-prezident edi. Bu vaqtinchalik lavozim musobaqa yakunigacha amal qilsa, Markaziy Osiyo mintaqasi boʻyicha vitse-prezidentlik doimiy xarakterga ega va endi hamyurtimiz butun qitʼamizdagi 5 mintaqadan birida Olimpizm rivojiga masʼul boʻladi.

Qayd etish joiz, Otabek Umarovning soʻnggi yillarda sport boshqaruvida erishgan muvaffaqiyatlari alohida eʼtirof etilib, bugun yanada masʼuliyatli lavozimga saylandi va endi u butun Markaziy Osiyo mintaqasidagi Olimpizm harakatining rivojiga masʼul boʻladi.

Tadbirda soʻz olgan Otabek Muhammadaliyevich qitʼamiz sporti jahonda yanada katta eʼtirofga sazovor boʻlayotgani, buning isboti oʻlaroq Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlarida Osiyoning 4 davlati TOP-15 talikdan joy olgani, Prezidentimizning sportni qoʻllab-quvvatlashlari bilan Oʻzbekiston oʻz tarixida eng yaxshi natijani qoʻlga kiritganini alohida taʼkidlab oʻtdi. Shuningdek, bildirilgan ishonchni oqlashga, mintaqada Olimpizmning pok va ezgu gʻoyalarini yanada keng targʻib qilishga vaʼda berdi.

Fursatdan foydalanib, Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi Otabek Umarovni Markaziy Osiyo mintaqasi boʻyicha OOK vitse-prezidenti etib saylangani bilan samimiy muborakbod etib, uning yangi lavozimda yanada ulkan muvaffaqiyatlarga erishishini tilab qoladi.

Text to speech