28 Iyun 2021 1974

Zamonaviy beshkurashchilarimiz Osiyo chempionatida shohsupaga ko‘tarilishdi

Shu yil 23-28 iyun kunlari Qozog‘istonda zamonaviy beshkurashning triatl (uch xil sport turi) yo‘nalishi bo‘yicha Osiyo chempionati bo‘lib o‘tdi. Quvonarlisi, unda O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi muvaffaqiyatli debyut qildi. Zamonaviy beshkurashning triatl turi o‘z ichiga suzish, yugurish va o‘q otish yo‘nalishlarini qamrab oladi. Musobaqa har bir sport turi bo‘yicha tanaffuslarsiz, doimiy rejimda o‘tkaziladi.

Osiyo chempionatining U13 yosh toifasida hamyurtimiz Kira Soy shaxsiy hisobda bronza medaliga sazovor bo‘lgan bo‘lsa, Muslim Izmailov va Sadriddin Qobiljonov kuchli yettilikdan joy olishdi.

Ahamiyatlisi, mikst (aralash) estafetasida jamoamiz birvarakayiga uchta medalni qo‘lga kiritdi.

Kira Soy va Muslim Izmailov U13 toifasida, Samira Abzalova hamda Asliddin Baxtiyorov 15 yoshgacha bo‘lgan sportchilar toifasida kumush medalga sazovor bo‘lishdi.

U17 toifasida ishtirok etgan Shahrizoda Samandarova hamda Sadriddin Qobiljonovga esa bronza medallari nasib etdi.

Sportchilarimiz O‘zbekistonga qaytib kelishgach, joriy yilning 13-19 sentyabr kunlari Iskandariya (Misr) shahrida bo‘lib o‘tadigan 17 yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasida jahon chempionatiga tayyorgarlikni boshlaydi.

Text to speech