28 Iyun 2021 1770

Sport bazalarida nazoratni kuchaytirish yuzasidan onlayn yig‘ilish o‘tkazildi

Mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish bo‘yicha tuzilgan maxsus Respublika komissiyasining qaroriga muvofiq bugundan karantinning yangi talablari kuchga kirdi. Qarorda ko‘rsatilgan talablarga qatʼiy rioya qilish, sport bazalaridagi vaziyatni nazoratga olish bo‘yicha onlayn yig‘ilish o‘tkazildi. Unda Turizm va sport vazirining o‘rinbosari Avaz Karimov, MOQ raisi o‘rinbosari Sherzod Tashmatov, MOQ qoshidagi RSTIAM direktori Abdushukur Sadikov, sport turlari bo‘yicha federatsiya va assotsiatsiyalarning masʼul vakillari ishtirok etishdi.

Yig‘ilish avvalida Abdushukur Sadikov maxsus komissiya qarorining mohiyati, tarqalayotgan yangicha shtamning xususiyatlari haqida gapirib o‘tdi. Shundan so‘ng Sherzod Tashmatov ham mavzu yuzasidan fikr bildirdi.

“Hozirgi vaziyat tobora jiddiylashib bormoqda. Bir necha yillardan beri mana shu Olimpiadada vatanimiz sharafini munosib himoya qilish uchun katta mehnat qilyapmiz. Kichik bir eʼtiborsizlik sabab qilayotgan mehnatimiz havoga uchib ketmasligi kerak. Barcha sport bazalarida nazoratni kuchaytiramiz. Zarurat bo‘lmagan hollarda hech kim bazaga kirmaydi va chiqmaydi. Prezidentimiz va hukumatimiz, millionlab hamyurtlarimiz bizga katta umid bog‘lashgan. Albatta, biz bu ishonchni oqlashimiz kerak”, – dedi MOQ raisi o‘rinbosari.

Yig‘ilish davomida federatsiya mutasaddilari bilan birma-bir suhbatlashilib, ulardagi muammo va kamchiliklar, sportchilarning salomatligi, tayyorgarlik jarayoni haqida atroflicha suhbatlashildi.

Text to speech