30 Avgust 2024 611

Yurtimiz tarixidagi eng zoʻr Olimpiada yakunlari OAV xodimlari bilan sarhisob qilindi

Bugun poytaxtimizdagi Milliy matbuot markazida Oʻzbekiston delegatsiyasining Parij-2024 XXXIII yozgi Olimpiya oʻyinlaridagi ishtirokiga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi. Unda Sport vaziri oʻrinbosari Shahrullo Mahmudov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, Qoʻmita raisi oʻrinbosarlari Ravshan Irmatov, Azizjon Kamilov hamda Sherzod Tashmatov ishtirok etib, OAV xodimlarini qiziqtirgan savollariga javob berishdi.

Tadbir avvalida Shahrullo Sharipovich barchani rasmiylar nomidan Mustaqillik bayramining 33-yilligi bilan samimiy qutladi. Vazir oʻrinbosari Oʻzbekiston delegatsiyasining ortda qolgan Oʻyinlarda erishgan muvaffaqiyati, qayd etgan ulkan natijalari butun xalqimizga gʻurur va iftixor bagʻishlaganini taʼkidladi. Shuningdek, Oybek Omilovich ushbu gʻalabaga Prezidentimiz va davlatimizning bevosita qoʻllab-quvvatlab turishi ortidan erishilgani, kuni kecha Muhtaram Yurtboshimizning qabulida yangi marralar belgilab olinganini qoʻshimcha qildi.

Shundan soʻng ommaviy axborot vositalari vakillari rasmiylarga oʻz savollari bilan murojaat qilishdi. Unda Ravshan Sayfuddinovich futbol jamoamizning ishtirokidan tegishli xulosa chiqargan holda kelgusi Olimpiya oʻyinlariga yanada kuchli tayyorgarlik koʻrilishi, boshqa jamoaviy sport turlarini rivojlantirishga ham ahamiyat berilishi xususida gapirib oʻtgan boʻlsa, Sherzod Rixsibayevich sportchilarimizni Olimpiya oʻyinlariga tizimli tayyorlab borish tartibi, atletlarimizning muvaffaqiyatidan soʻng taekvondo misolida sport bilan shugʻullanuvchi yoshlar soni keskin ortgani haqida gapirdi. Aziz Yakubjanovich dzyudo boʻyicha terma jamoaga jalb qilingan xorijlik murabbiylar ishonchni oqlashgani, kelgusi Olimpiadaga tayyorgarlikda ushbu tajribaga asoslangan holda xalqaro mutaxassislarni yanada koʻproq jalb etish koʻzda tutilganini bildirdi.

Tadbir davomida O.Kasimov Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlariga tayyorgarlikda byudjet mablagʻlari maqsadli yoʻnaltirilgani, terma jamoalarni moliyalashtirish tizimi haqida maʼlumot berdi. Shuningdek, kelasi yil mamlakatimizda oʻtadigan Toshkent-2025 yoshlar Osiyo oʻyinlariga katta hajmda hozirlik koʻrilayotgani, tashkiliy ishlar boʻyicha Tokio-2020 va Parij-2024 yozgi Olimpiya, Xanchjou-2022 yozgi Osiyo oʻyinlaridan tegishli xulosalar chiqarilgani borasida qoʻshimcha fikrlar bildirib oʻtdi.

Eslatib oʻtamiz, 26-iyul – 11-avgust kunlari boʻlib oʻtgan XXXIII yozgi Olimpiya oʻyinlarida Oʻzbekiston delegatsiyasi oʻz tarixida ilk bor 8 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronza, jami 13 ta medal qoʻlga kiritib, 206 mamlakat orasida 13-oʻrinni egalladi.

Text to speech