29 Avgust 2024 329

Sharifa Davronova jahon chempionatining finalida

Peruda yengil atletika boʻyicha U20 yosh toifasidagi jahon chempionatining ikkinchi kuni ortda qoldi. Maʼlum qilganimizdek, unda Oʻzbekiston terma jamoasining 3 nafar aʼzosi ishtirok etdi.

400 metrga yugurish dasturida Jonbibi Hukmova dastlabki saralash bosqichini muvaffaqiyatli yakunladi. 54.12 soniya bilan oʻzining shaxsiy rekordini yangilagan Hukmova yarim finalga yoʻl oldi. Biroq unda hamyurtimiz qayd etgan 54.87 soniya final yoʻllanmasi uchun kamlik qildi. Shunday boʻlsa ham, yurtdoshimiz yarim finalda ishtirok etgan osiyolik yagona atlet boʻldi.

Uch hatlab sakrash dasturida Sharifa Davronova 13.29 metr bilan katta qiyinchiliksiz final yoʻllanmasiga ega boʻldi. Afsuski, ushbu dasturda Xushnoza Shavkatova 12.79 metr bilan 15-koʻrsatkichni qayd etdi va medallar uchun kurashish imkoniyatini yoʻqotdi. Endi Davronova 31-avgust kuni ikkinchi chempionlik uchun kurashni davom ettiradi.

Bugun Barnoxon Sayfullayeva balandlikka sakrash, Nodir Norboyev esa oʻnkurashning 5 ta dasturida oʻz omadini sinab koʻrishadi.

Text to speech