27 Iyun 2021 2371

Yosh xokkeychimiz Salohiddin Azimov Rossiya klubi bilan shartnoma imzolamoqda

O‘zbek xokkeyining yulduzi bo‘lishi kutilayotgan yosh vakilimiz Salohiddin Azimov Rossiyaning “SKA-Yunost” jamoasi sharafini himoya qiladi. Hamyurtimizning isteʼdodi taniqli jamoa vakillarining qiziqishiga sabab bo‘ldi.

Dastavval, xokkeychimiz haqida gapirib o‘tsak. Salohiddin Azimov 2009 yil Toshkentda tug‘ilgan. Otasi “Binokor” xokkey klubining sobiq vakili Alisher Azimov bo‘lib, 5 yoshidan unga murabbiylik qilib keladi. Salohiddin bir necha kun mobaynida Yekaterinburgning “SKA-Yunost” klubi o‘z mashg‘ulotlarini o‘tkazadigan “Dasyuk arena”da bo‘ldi. Mashg‘ulot davomida hamyurtimiz rossiyalik taniqli xokkeychi, Olimpiada va jahon chempioni, 2 karra Stenli kubogi sohibi Pavel Dasyuk bilan uchrashib, jahon yulduzidan kerakli tavsiyalarni olishga ham muvaffaq bo‘ldi.

Hamyurtimiz bungacha “Binokor” va Qozog‘istonning “Striji” klublari safida harakat qilgan edi. Azimov 2018 yil “Striji” safida mamlakat chempioniligini qo‘lga kiritgan. Salohiddin yangi mavsumdan Rossiyada o‘z mahoratini namoyish etadi. Azimov “SKA-Yunost”da 88-raqam ostida harakat qiladi. Reglamentga ko‘ra, jamoa avval Sverdlovsk viloyati chempionatida, unda sovrindorlar qatoridan joy olgan taqdirda Rossiya chempionatida ishtirok etadi. O‘tgan mavsum “SKA-Yunost”ning 2008 yilgi vakillari mamlakat chempionligini qo‘lga kiritgan bo‘lib, jamoa bu yil ham chempionlikni asosiy maqsad qilib qo‘ygan.

Hozirda Azimov klub tarkibida tibbiy ko‘rikdan muvaffaqiyatli o‘tdi va yaqin vaqt ichida jamoa bilan shartnoma imzolaydi.

Prezidentimizning yosh sportchilarga qaratayotgan eʼtibori, ular uchun yaratilgan sharoitlar sabab mana shunday isteʼdodli yoshlarimiz yetishib chiqmoqda. Yosh xokkeychimizning yangi jamoadagi faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar tilab qolamiz.

Text to speech