Aralash jang sanʼati boʻyicha jahon chempionatini Oʻzbekistonda oʻtkazish masalasi koʻrib chiqildi
Shu kunlarda Xalqaro aralash jang sanʼati federatsiyasi (IMMAF) prezidenti Kerrit Braun poytaxtimizda mehmon boʻlib turibdi. Bugun Sport vazirligida martabali mehmon bilan bir qator istiqbolli rejalar muhokama qilib olindi.
Uchrashuvda vazir Adham Ikramov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov hamda Qoʻmita raisi oʻrinbosari Sherzod Tashmatov ishtirok etishdi.
Dastavval, janob Braun mezbonlarni Oʻzbekiston delegatsiyasining Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlarida erishgan ulkan muvaffaqiyati bilan qutladi. Los-Anjeles-1984 yozgi Olimpiya oʻyinlari sovrindori boʻlgan sobiq dzyudochi yurtimiz yakkakurash turlarida jahonning yetakchi davlatlari orasidan mustahkam oʻrin egallaganini alohida taʼkidladi.
Oʻz navbatida, sportimiz rasmiylari bu kabi natijalar ortida Prezidentimizning sohaga eʼtibori va gʻamxoʻrligi turganini bildirishdi. Shuningdek, mamlakatimiz yirik musobaqalar, xususan, koʻplab sport turlari boʻyicha jahon chempionatlarini yuqori saviyada oʻtkazayotganini ham qoʻshimcha qilishdi.
Qayd etish joiz, Kerrit Braun 2021-yil mamlakatimizga amalga oshirgan tashrifi davomida yaqinlashib kelayotgan jahon chempionatlaridan birini Oʻzbekistonga topshirish gʻoyasi ilgari surilgan edi. Bugungi suhbat davomida ushbu taklifni amalga oshirish boʻyicha ilk qadamlar batafsil muhokama qilindi.