Sport jamoatchiligi vakillariga murojaat
So‘nggi kunlarda mamlakatimizda koronavirus pandemiyasi sabab yuzaga kelgan murakkab vaziyat tufayli yangi karantin talablari joriy qilinmoqda. Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan bir qator cheklovlar qo‘yilyapti.
Hurmatli sportchi va murabbiylar, hakamlar, federatsiya mutasaddilari, sport turlari bo‘yicha oliy sport mahorat maktabi vakillari, barchangizdan belgilanayotgan karantin talablariga qatʼiy rioya qilishingizni so‘rab qolamiz. O‘quv-mashg‘ulot yig‘ini mobaynida zarurat bo‘lmagan hollarda ko‘chaga chiqmang. Tashqarida bo‘lgan vaqtingizda niqob taqishni, ijtimoiy masofa saqlashni, antiseptik vositalardan foydalanishni unutmang.
Yaponiyaning Tokio shahrida start oladigan Olimpiya o‘yinlari tobora yaqinlashib kelmoqda. Unda yuqori natijalarni qayd etish, atletletlarimizning sog‘-omon Olimpiya o‘yinlariga yetib borishi barchamizga bog‘liq bo‘lib qolmoqda.
O‘quv bazalarida MOQ qoshidagi tibbiyot markazi va Tezkor shtab vakillaridan iborat navbatchilik joriy qilinadi. Komissiyaning yangi talablariga rioya qiling.
Unutmangki, mana shunday kunlarda temir intizom va o‘zaro hamjihatlik bilan ushbu murakkab vaziyatdan chiqib ketishimiz mumkin.
O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi