Diyora Keldiyorova Ijtimoiy himoya milliy agentligining masʼuliyatli lavozimiga tayinlandi
Dzyudo boʻyicha Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlari chempioni Diyora Keldiyorova Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligining Gender tengsizligi va bolalarga nisbatan zoʻravonlikka qarshi kurashish boʻyicha maxsus vakili etib tayinlandi. Chempion sportchimiz bilan uchrashuvda Agentlik rahbari Mansurbek Olloyorov hamda uning birinchi oʻrinbosari Shahnoza Mirziyoyeva Diyora Keldiyorovani qutlab, xizmat guvohnomasini tantanali ravishda topshirishdi.
Sh.Sh. Mirziyoyeva Diyoraning Olimpiadadagi gʻalabasi ilgʻor oʻzgarishlar uchun katalizator boʻlib, butun dunyoga Oʻzbekistonning teng imkoniyatlar va hadsiz salohiyatlar mamlakati ekanligini koʻrsatib berganini taʼkidlab oʻtdi. Oʻz navbatida, chempion sportchimiz oʻziga bildirilgan ishonchni oqlash uchun astoydil harakat qilishini qoʻshimcha qildi.