26 Iyun 2021 2013

Kurashchilarimizning Olimpiada oldidan tayyorgarligi muhokama qilindi

Muxlislarimiz bo‘lajak Olimpiya o‘yinlarida kurashchilarimizdan ham katta natijalar kutishmoqda. Bugun MOQ raisi o‘rinbosari Sherzod Tashmatov O‘zbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi bosh kotibi Shuhrat Mamadaliyev, erkin kurash bo‘yicha terma jamoamiz murabbiyi Olim Hikmatov va yunon-rum kurashchilarimizning ustozi Ravshan Ro‘ziqulov bilan Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlikni yana bir bor muhokama qilib oldi.

Eslatib o‘tamiz, kurashchilarimiz Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlariga har ikki yo‘nalishda 4 tadan, jami 8 ta yo‘llanma qo‘lga kiritishgan. Suhbat davomida har bir litsenziatlarimizning individaul tayyorgarligi, rejalari, ehtimoliy raqiblari xususida atroflicha gaplashildi. Shuningdek, kurashchilarimizning vaznlarini doimo nazoratda ushlash, kerakli vitaminlarni o‘z vaqtida berib borish, bazada epidemiologik vaziyatni qattiq nazoratda ushlash borasida ham fikrlar bildirildi.

Maʼlum qilinishicha, kurashchilarimiz so‘nggi yig‘inni Toshkentda 29 iyulgacha o‘tkazishadi. Shu kunning o‘zida ushbu sport turidagi delegatsiyamiz Tokioga yo‘l olsa, 1 avgustda yunon-rum, 4 avgustdan erkin kurashchilarimiz bellashuvlarga kirishadilar.

Text to speech