Mutasaddilar eʼtiborida Olimpiya shaharchasi va uning hududida qurilayotgan inshootlar
Toshkent-2025 yoshlar Osiyo oʻyinlari uchun barpo etilayotgan Olimpiya shaharchasining bugungi kundagi holati, unda qad rostlaydigan binolardan oqilona foydalanish masalasi mutasaddilar diqqat-markazida turibdi. Bugun ushbu masalalarga bagʻishlangan navbatdagi yigʻilish boʻlib oʻtdi.
Uchrashuvni Sport vaziri Adham Ikramov olib bordi. Unda Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi, Milliy Olimpiya qoʻmitasi, Xitoyning “CAMC Engineering” kompaniyasi masʼullari ishtirok etishdi.
Suhbat davomida Adham Ilhamovich har bir obyektning bugungi kundagi holati, ularni jihozlashda ishlatish koʻzda tutilayotgan materiallar haqidagi maʼlumot bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, shaharcha ichida quriladigan maʼmuriy bino, tibbiyot markazi va boshqa inshootlardan Oʻyinlardan soʻng qay tartibda foydalanilishi boʻyicha mulohazalar olib borildi.
Qolaversa, shaharchaga tashrif buyuradigan mehmonlar uchun barcha qulayliklarni yaratish, ularning shaharchadan katta taassurotlar bilan qaytishi uchun koʻngilochar hududlar tashkil etish masalasi ham koʻrib chiqildi.