Para sportchilarimizni Parij-2024 yozgi Paralimpiya oʻyinlariga tantanali kuzatish marosimi boʻlib oʻtdi
28-avgust – 8-sentyabr kunlari Parij shahri XVII yozgi Paralimpiya oʻyinlariga mezbonlik qiladi. Bugun poytaxtimizdagi Olimpiya va Paralimpiya shon-shuhrati muzeyida mazkur musobaqada qatnashadigan Oʻzbekiston delegatsiyasini tantanali kuzatish marosimi boʻlib oʻtdi.
Marosimda Hukumat rahbarlari, Prezident administratsiyasi rasmiylari, Sport vazirligi, Milliy Olimpiya va Paralimpiya qoʻmitalari rahbariyati ishtirok etishdi. Tadbirni ochib bergan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov Paralimpiyachilarimizga boʻlajak musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etib, yurtimizga yorugʻ yuz bilan qaytib kelishlarini tiladi.
Maʼlumot uchun, Oʻzbekiston delegatsiyasi Parij-2024 yozgi Paralimpiya oʻyinlariga tarixda birinchi marotaba 9 sport turida 65 nafar para atlet bilan 113 ta yoʻllanmaga sazovor boʻlgan.
Fursatdan foydalanib, Oʻzbekiston MOQ Paralimpiyachilarimizga oldinda turgan masʼuliyatli Oʻyinlarda omad va zafarlar tilab qoladi.