13 Avgust 2024 1157

Parij-2024 qahramonlariga Prezident sovg‘alari topshirildi

26-iyul – 11-avgust kunlari Fransiya poytaxti Parij shahrida tashkil etilgan XXXIII yozgi Olimpiya o‘yinlarining qahramonlari jonajon vatanimizga qaytib kelishdi. Bugungi kun qahramonlari Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi.

Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Narbayeva, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, Prezident Administratsiyasi departament rahbari Odil Abduraxmanov, Toshkent shahar hokimi Shavkat Umrzoqov, Sport vazirligi va MOQ rahbariyati, yuzlab muxlislar, sportchilarimizning yaqinlari va OAV xodimlari ishtirok etishdi.

Tadbirda Tanzila Kamalovna hamda Abdulla Nigmatovich muzaffar atletlarimizni erishgan muvaffaqiyatlari bilan yana bir karra qutlab, ular bugungi kunda Vatanimizning faxri ekanliklarini, hozirda barcha yoshlarga o‘rnak bo‘lib turishganini alohida taʼkidlashdi.

Bunday maqtov va tabrikdan ruhlangan Olimpiada chempionlari Hasanboy Do‘smatov va Diyora Keldiyorova, murabbiy To‘lqin Qilichev, shuningdek, chempionlarning ota-onalari so‘z olib, davlatimiz rahbarining bunday eʼtiboridan mamnun ekanliklarini bildirishdi.

Tadbirning ikkinchi qismi Milliy Olimpiya qo‘mitasida o‘tdi. Unda Parij-2024 qahramonlariga davlat rahbarining sovg‘alari topshirildi. Prezident qaroriga muvofiq,

– oltin medal sohiblari “CHEVROLET TAHOE” avtomobili, 200 ming AQSH dollari va xonadon;

– kumush medal sohiblari “BYD SONG PLUS EV CHAMPION” avtomobili, 100 ming AQSH dollari va xonadon;

– bronza medal sohiblari “BYD SONG PLUS DM-I CHAMPION” avtomobili, 50 ming AQSH dollari va xonadon bilan taqdirlanishdi.

Tadbir yakunida qahramon sportchilarimiz so‘z olib, davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan bunday eʼtibor va g‘amxo‘rlikdan boshlari osmonga yetgani, kelgusida ham yangi zafarlar bilan jonajon vatanimiz dovrug‘ini dunyoga tanitish yo‘lida bor kuch-g‘ayratlarini ishga solishlarini bildirishdi.

Text to speech