Dzyudo federatsiyasi tomonidan “Olimpiya kuni” nishonlandi
Mamlakatimizda Olimpiya haftaligi davom etmoqda. Haftalik doirasida dzyudochilarimiz o‘rtasida ham “Xalqaro Olimpiya kuni” keng nishonlandi.
Poytaxtimizdagi Mirzo Ulug‘bek nomidagi istirohat bog‘i (Sobiq “Telman”) hamda Ekopark bog‘ida “Olimpiya kuni” tadbiri tashkil etildi. Har ikki marosim ham bir paytda boshlanib, yuzlab toshkentliklar va shahrimiz mehmonlariga bayramona ko‘tarinki kayfiyat ulasha oldi. Sportga befarq bo‘lmagan yurtdoshlarimiz nafaqat mashhur dzyudochilarimizning ko‘rgazmali chiqishlaridan bahramand bo‘lishdi, balki o‘zlari ham tatamida dzyudo qanday sport turi ekanini his etib ko‘rishdi.
Marosimda Milliy Olimpiya qo‘mitasi raisi Rustam Shoabdurahmonov Turizm va sport vaziri o‘rinbosari Avaz Karimov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, MOQ raisi o‘rinbosari, mamlakat dzyudo federatsiyasi raisi Azizjon Kamilov va boshqa mutasaddilar ishtirok etib, yig‘ilganlarni “Xalqaro Olimpiya kuni” bilan qutlashdi.
Bayram tadbiri yakunida bolajonlarga tashkilotchilar tomonidan sovg‘alar taqdim etildi.