Milliy Olimpiya qo‘mitasi bir guruh OAV vakillarini kasb bayrami bilan qutladi
27-iyun sanasi mamlakatimizda Matbuot va OAV kuni sifatida keng nishonlab kelinadi. Bugun O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi yurtimizda sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotini yoritishda faol mehnat qilayotgan bir guruh jurnalistlarni qutladi.
Unda MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov va uning birinchi o‘rinbosari Ravshan Irmatov, Qo‘mita Bosh kotibi Oybek Kasimov, MOQ raisi o‘rinbosari Sherzod Tashmatov, O‘zbekiston sport faxriylari kengashi raisi Bahodir Maxsitov, shuningdek, bir guruh OAV vakillari va faxriy jurnalistlar ishtirok etishdi. Tadbirni MOQ rahbari o‘z nutqi bilan ochib berdi va mamlakatimizda sport targ‘ibotida faoliyat olib borayotgan hamkasblarimizni qutlab o‘tdi.
“Sizlarni kirib kelayotgan professional kasb bayramingiz bilan samimiy tabriklashga ijozat bergaysiz. Muhtaram yurtboshimiz barpo etayotgan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyotida Sizlarning ham hissangiz katta. Sizlar doimo olib borilayotgan islohotlarni, muvaffaqiyatimizni xalqimizga yetkazib berishda faol bo‘lib kelgansiz. Shu bilan birga, ishimizda yo‘l qo‘yayotgan kamchiliklarimizni ko‘rsatayotgan do‘stimiz bo‘lasizlar. Barchangizga ijodiy muvaffaqiyat, sihat-salomatlik tilab qolamiz”, – dedi Rustam Shoabdurahmonov.
Shundan so‘ng bir guruh matbuot va OAV vakillari, faxriy jurnalistlarga MOQning bayram sovg‘alari topshirildi.
Bayram munosabati bilan MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov o‘zini sport jurnalisti sifatida sinab ko‘rdi va bu gal jurnalistlarimizdan o‘zi intervyu oldi.
O‘z navbatida, OAV xodimlari ko‘rsatilgan bunday eʼtibordan mamnun ekanliklarini bildirib, yurtimiz sportchilarining muvaffaqiyatlarini xalqimizga tanitishda hamkorlikda ishlashdan mamnun ekanliklarini taʼkidlab o‘tishdi.