26 Iyun 2021 6166

“7 SABER” yoxud yangi milliy brendimizni qarshi olamiz

Sportchilarimiz xalqaro maydonda yuksak natijalarni qayd etishar ekan, bu jihat jahonga mashhur yirik brendlar eʼtiborini tortadi. Bu bilan atletlarimizning ekipirovkalariga homiylik qilish istagida bo‘lgan kompaniyalar ko‘payadi. Poytaxtimizdagi “Hyatt Regency” mehmonxonasida o‘zbek sportiga yashin tezligida kirib kelayotgan “7 SABER” brendining rasmiy taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Unda Rustam Shoabdurahmonov boshchiligidagi MOQ mutasaddilari, Turizm va sport vazirining o‘rinbosari Avaz Karimov, ushbu kompaniya taʼsischisi, “Berkeley Square Investments” korporatsiyasi rahbari Ross Konnon, boks, taekvondo, qilichbozlik, para-kanoe bo‘yicha Tokio-2020 litsenziatlari, dzyudo bo‘yicha terma jamoamiz vakillari, sport faxriylari, sport jamoatchiligi vakillari va OAV xodimlari ishtirok etishdi.

Marosimda MOQ rahbari ham so‘z olib, yangi brendning sportimizdagi o‘rni haqida gapirib o‘tdi.

Endi brendning “7 SABER” nomini olishi haqida qisqacha. Maʼlumki, 7 raqami sport dunyosida omad va kuchli irodani ifodalaydi. “SABER” esa “qilich” maʼnosini bildirib, sharq olamida ishonch va o‘tkirlik maʼnosini bildiradi. Shubhasiz, bu brend kelajakda jahon sportida o‘z o‘rniga ega bo‘lishni niyat qilgan.

Bu hali hammasi emas. Brend taqdimotidan so‘ng yig‘ilganlarni yana bir ajoyib “premyera” kutib turardi. So‘nggi paytlarda mamlakatimizda kashf etilayotgan aralash yakka kurash ustalarini bir bayroq ostida jamlash, jahonda yuqori nufuzni egallashni maqsad qilgan “U-1 CHAMPIONSHIP” promouterlik kompaniyasi va “7 FIGHTING SERIES” klubining taqdimoti ham o‘tkazildi. Ushbu kompaniyalar o‘zida nafaqat o‘zbek, balki boshqa mamlakat vakillarining jangchilarini ham jamlaydi va turli nufuzdagi musobaqalarni tashkil etadi.

Bir so‘z bilan aytganda, taqdimot marosimida keng ommaga namoyish etilgan har bir kompaniya muhtaram Prezidentimiz ilgari surayotgan sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotida katta ahamiyat kasb etadi. Eʼtiboringizga ushbu tadbirdan tayyorlangan sara suratlarni havola qilamiz:

Text to speech