25 Iyun 2021 2484

Respublika Olimpiya zaxiralari tennis maktabida “Xalqaro Olimpiya kuni” keng nishonlandi

Poytaxtimizdagi Respublika Olimpiya zaxiralari tennis maktabida O‘zbekiston tennis federatsiyasi tomonidan “Xalqaro Olimpiya kuni”ga atalgan tadbir bo‘lib o‘tdi. Tadbir Ochiq eshiklar kuni tarzida tashkil etildi va unda yosh tennis muxlislari, ota-onalar ishtirok etishdi.

Tashkilotchilar qatnashchilarni 3 ta kortga bo‘lishdi. Dastlabki kortda 6-10 yoshdagi bolajonlar uchun ularning yoshidan kelib chiqqan holda turli o‘yin-kulgilar bo‘ldi. Ikkinchi kortda 10 yosh va undan katta tennis ixlosmandlari jam bo‘lishgan bo‘lsa, 3-kortda 14 yoshgacha bo‘lgan terma jamoamiz vakillari turli ko‘rgazmali chiqishlar, o‘yinlar qo‘yib berishdi.

Shuningdek, mazkur tadbirda O‘zbekiston kibersport assotsiatsiyasi raisi Doniyor Jo‘rayev taniqli geymerlari bilan mehmon bo‘ldi. Ular yuqoridagi tadbirlarda ham faol qatnashib, uning ko‘tarinki kayfiyatda o‘tishiga hissa qo‘shishdi.

Tadbirning ikkinchi qismi yoshi katta havaskor va faxriylar uchun tashkil etildi. Unda 5 juftlik o‘rtasida “Xalqaro Olimpiya kuni” sovrini uchun bahs bo‘lib o‘tdi.

Yakunda ishtirokchilarga XOQ prezidenti Tomas Bax va MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonovning imzolari tushirilgan diplomlar taqdim qilindi.

Text to speech