Ular Tokioga borishadi: Ikki Olimpiadada qatnashadigan ilk dzyudochi qizimiz Gulnoza Matniyazova
Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlarida Yangi O‘zbekiston sharafini himoya qiladigan qahramonlarimzini tanishtirishda davom etamiz. Bugun taniqli dzyudochi qizimiz Gulnoza Matniyazovani muxlislarimizga yaqindan tanishtiramiz.
Gulnoza Matniyazova 1994-yil Xorazm viloyati Xazorasp tumanida tug‘ilgan. 2006 yildan dzyudo bilan shug‘ullanadi. Birinchi murabbiyi Tamara Yugay.
Dzyudochimiz 2010-yil, 16 yoshidanoq kattalar terma jamoasi tarkibida yirik musobaqalarda mamlakatimiz sharafini himoya qilib kelmoqda. Ilk muvaffaqiyati 2012-yil Boku shahrida o‘tgan Gran-pri turniriga to‘g‘ri kelib, o‘shanda hamyurtimiz bronza medalini qo‘lga kiritgan edi. Shundan so‘ng Osiyo chempionati, Gran-pri, “Katta dubulg‘a” va boshqa bir qator nufuzli musobaqalarda ko‘p bor g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy olib kelmoqda.
Gulnoza 2016 va 2017-yillar Toshkent Gran-prisida zafar quchib, IJF tasnifidagi turnirlarda g‘alaba qozongan ilk dzyudochi qizimizga aylandi. Shuningdek, Matniyazova “Katta dubulg‘a” turnirlarida shohsupaga ko‘tarilgan dastlabki dzyudochi qizimiz hamdir. 2016-yil Rio Olimpiadasi ishtirokchisi.
Uning hisobida Osiyo chempionatlarining 1 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronza, Gran-pri turnirlarining 2 ta oltin, 1 ta kumush va 3 ta bronza, shuningdek, 2 ta “Katta dubulg‘a” musobaqalarining bronza medali mavjud.
Xalqaro dzyudo federatsiyasining Tokio-2020 Olimpiadasi uchun e’lon qilingan reytingi orqali Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma olgan.