24 Iyun 2021 1880

Pekin-2022 Olimpiadasi uchun imkoniyatlarimiz chamalandi

2022-yilning fevral oyida Xitoy poytaxti Pekin shahrida navbatdagi qishki Olimpiya o‘yinlari bo‘lib o‘tadi. MOQ rahbariyati O‘zbekiston qishki sport turlari assotsiatsiyasi mutasaddilari bilan mazkur Olimpiya o‘yinlariga qo‘lga kiritiladigan yo‘llanmalar va qishki sport turlaridagi ommaviylikni oshirish masalalarini muhokama qildi. Yig‘ilishda MOQ raisining birinchi o‘rinbosari Ravshan Irmatov, Qo‘mita Bosh kotibi Oybek Kasimov, Iskander Shadiyev boshchiligidagi O‘zbekiston qishki sport turlari assotsiatsiyasi mutasaddilari ishtirok etishdi.

Qayd etish joiz, Pekin-2022 Olimpiadasining saralash sikli davom etmoqda. Kuz faslida bir qator sport turlari bo‘yicha yakuniy litsenziyalar o‘ynaladi. Bu borada sportchilarimiz tog‘ chang‘isi yo‘nalishida litsenziyalarni qo‘lga kiritish imkoniyatiga ega. Suhbat davomida chang‘ichilarimizning litsenziyaga ega bo‘lishlari uchun hukumatimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi alohida taʼkidlandi. MOQ mutasaddilari bu borada barcha yordamni berishga tayyor ekanliklarini taʼkidlab o‘tishdi.

Shuningdek, yig‘ilish davomida qishki sport turlarini yana-da ommalashtirish, buning uchun mavjud infratuzilmani mustahkamlash, ularni yoshlar orasida ommalashtirish kabi masalalar muhokama qilindi. Shuningdek, 2026 yil Italiyada bo‘lib o‘tadigan kelgusi qishki Olimpiadaga ko‘proq yo‘llanmalarni qo‘lga kiritish va buning uchun qilinadigan amaliy ishlar bo‘yicha mulohazalar yuritildi.

Text to speech