23 Iyun 2021 2232

Ular Tokioga borishadi: Soyliq polvoni Akbar Jo‘rayev

“Ular Tokioga borishadi” loyihamizni davom ettiramiz. Bugun Sizlar bilan og‘ir atletika bo‘yicha terma jamoamiz vakili, pahlavon yigitlarimizdan biri Akbar Jo‘rayevning siymosiga nazar tashlaymiz.

Akbar Jo‘rayev 1999-yil 8-oktyabr kuni Toshkent viloyatining G‘azalkent tumanidagi Soyliq qishlog‘ida tug‘ilgan. Qayd etish joiz, ushbu qishloq terma jamoamiz uchun bir qator mahoratli atletlarni yetkazib bergan. Jumladan, Akbarning o‘zi og‘ir atletika bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempioni bo‘lgan akasi Aziz Jo‘rayevga qiziqib ushbu sportga kirib kelgan. Birinchi murabbiyi Farhod Mirzajanov. Tokio-2020 Olimpiadasiga Bahrom Mendiboyev qo‘l ostida tayyorlanmoqda.

Sportchimiz xalqaro maydondagi ilk muvaffaqiyatiga 2018-yil erishdi. Jo‘rayev yoshlar o‘rtasida o‘tgan Osiyo chempionatida oltin medalga sazovor bo‘lgan edi. Shu yilning o‘zida Toshkentda o‘tgan U20 jahon chempionatida esa kumush medalga ega chiqdi. Yil yakunida kattalar o‘rtasidagi dunyo birinchiligida to‘rtinchi pog‘onadan o‘rin oldi.

2019-yil Toshkentdagi olgan yoshlar o‘rtasidagi JCH kumush medalini Fijida oltinga aylantirdi. Shu yil Pattayya (Tailand) mezbonlik qilgan kattalar o‘rtasidagi dunyo birinchiligida siltab ko‘tarish mashqida ikkinchi, ikki kurash bo‘yicha esa to‘rtinchi natijani qayd etdi.

Joriy yilning aprel oyida poytaxtimiz mezbonlik qilgan Osiyo chempionatida tajribali Ruslan Nurudinov bilan raqobat olib borgan Jo‘rayev Olimpiada chempioniga 1 kg farqi bilan imkoniyatni boy berib, kumush medal bilan taqdirlandi.

Shu oy Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi tomonidan eʼlon qilingan reyting yakuni bo‘yicha Tokio-2020 Olimpiadasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.

Text to speech