4 Avgust 2024 488

Gulnoza Matniyazova professional sportchilik faoliyatini yakunladi

Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlaridan soʻng mahoratli dzyudochimiz Gulnoza Matniyazova professional sportchilik faoliyatini rasman yakunlaganini eʼlon qildi. Bir necha kundan soʻng 30 yoshni qarshi oladigan sportchimiz Rio-2016, Tokio-2020 va Parij-2024 yozgi Olimpiya oʻyinlari, 3 ta Osiyo oʻyinlari, jahon chempionatlari, “Katta dubulgʻa” va Gran-pri musobaqalarida yurtimiz sharafini munosib himoya qildi.

Kecha Olimpiya oʻyinlari doirasida aralash jamoaviy dasturda 3 ta terma jamoa vakillariga qarshi bahsda barcha bellashuvlarda gʻalaba qozondi va sportchilik faoliyatini yuqori notada yakunladi. Uning xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib eʼtirof etilib, 2021-yil “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan.

Yurtimizda ayollar dzyudosining yangi bosqichga koʻtarilishida Matniyazovaning ham ulkan hissasi bor. Zero, aynan Gulnozaga havas qilgan yuzlab qizaloqlar dzyudo sportini tanlashdi. Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi mahoratli sportchimizga ajoyib faoliyat uchun tashakkur bildirib, unga kelgusida mustahkam sogʻlik va omad tilaydi.

Unutilmas va hayajonli daqiqalar, yorqin gʻalabalar uchun rahmat, Gulnoza!

Text to speech