Axborot xizmatlari faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha konferensiya bo‘lib o‘tmoqda
27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan davlat hokimiyati organlari, davlat va xo‘jalik boshqaruv organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, respublika ahamiyatiga molik idora, muassasa hamda boshqa davlat tashkilotlari axborot xizmatlari rahbarlari uchun “Axborot xizmatlari faoliyati: ochiqlik, tezkorlik va xolislik bosh mezon” mavzusida milliy konferensiya o‘tkazilmoqda.
Tadbirdan ko‘zlangan maqsad – bundan ikki yil oldin – 2019 yil 27 iyunda qabul qilingan “Ommaviy axborot vositalari mustaqilligini taʼminlash hamda davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–4366-son qarori ijrosini sarhisob qilish, erishilgan yutuqlarni eʼtirof etib, kamchiliklarni bartaraf etish masalalarini muhokama etish hamda matbuot kotiblari o‘zaro tajriba almashishi uchun samarali muhit yaratishdir.
“International hotel Tashkent” mehmonxonasida o‘tayotgan konferensiyada 180 ga yaqin vazirlik va idoralar, davlat tashkilotlari hamda hokimliklarning axborot xizmati rahbarlari ishtirok etmoqda. Unda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi nomidan MOQ raisining matbuot kotibi, axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Zafar Imomxo‘jayev qatnashmoqda.
Tadbir ishtirokchilari konferensiya davomida sohaga oid dolzarb masalalar, axborotni yetkazishda zamonaviy talablardan kelib chiqqan holda auditoriyaga taqdim etish, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish, bildirilgan tanqidiy fikrlarga tezkor munosabat bildirish kabi yo‘nalishlar bo‘yicha fikr almashishmoqda. Konferensiyada AOKA rahbariyati va boshqa mutasaddi tashkilotlar vakillari ham ishtirok etishmoqda.